QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi
Jamiyat
−
24 avgust 2021
10132Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmon asosida QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi Qamariddin Shayxov ham "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.
"Do‘stimiz, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev qo‘ng‘iroq qilib, "mukofot olibsiz, tabriklayman", deganda hayajondan tilim aylanmay qoldi. Hali ham hayajondaman. Kutmagandim demayman. Kutganman. Har safar ro‘yxatdan nomimni qidirar edim. Va nihoyat, nasib etdi. Bu menga emas, butun QALAMPIR.UZ jamoasiga berilgan mukofot", deydi QALAMPIR.UZ rahbari.
Ma’lumot uchun, Qamariddin Shayxov jurnalistik faoliyatini 2004 yilda "O‘zbekiston" radiosida "Kelajak tongi" bolalar eshittirishida boshladi.
2009-2010 yillarda Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondida;
2010-2015 yillarda "Darakchi" gazetasida muxbir bo‘lib faoliyat yuritdi.
2015 yilda O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomladi. Shu yilning o‘zida QALAMPIR.UZ loyihasiga asos soldi.
Qamariddin Shayxov jurnalistik faoliyati davomida ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ma’rifiy sohalar yuzasidan yuzlab maqolalar, o‘nlab ko‘rsatuv va intervyular tayyorladi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, olimlar, siyotsatchilar bilan o‘tkazgan suhbatlari keng auditoriyada katta qiziqish uyg‘otgan. Shuningdek, Qamariddin Shayxov 2017 yilda Turkiya Respublikasida bo‘lib, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Baku meri Eldor Azizov bilan ham uchrashib, suhbatlashgan edi.
Jurnalist jamiyatda uchrab turadigan muammolar - korrupsiya, ishsizlik, jinoyatchilik, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi masalalarda o‘tkir chiqishlar qiladi.
Ayniqsa, jurnalist inson huquqlari, gender tengligi, ayollar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, bolalar va nogironlar masalalari Qamariddin Shayxovning jurnalistik faoliyatida alohida o‘rin tutadi.
QALAMPIR.UZ jamoasi Qamariddin Shayxovni ushbu mukofot bilan muborakbod etadi.
LiveBarchasi