Putinning yaqin do‘stining o‘g‘li Norvegiyada qamoqqa olindi

Olam

image

Norvegiya shimolidagi Finnmark viloyati politsiyasi Rossiya va Buyuk Britaniya pasportiga ega 47 yoshli erkakni dron uchirganligi uchun hibsga oldi. U Sud hukmi bilan ikki hafta davomida qamoqda saqlanadi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

Hibsga olingan shaxs Buyuk Britaniya fuqarosi ekanligini va Italiyada yashashini aytgan, biroq, politsiya xodimlari yaxtadan Rossiya pasportini topib olgan. Mahalliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs “Rossiya temir yo‘llari” tashkilotining sobiq rahbari Vladimir Yakuninning o‘g‘li Andrey Yakunin ekani ma’lum bo‘lgan. Vladimir Yakunin o‘z navbatida Rossiya Prezidenti Vladimr Putinga yaqin shaxs hisoblanadi.

Prokuror Anya Mikkelsenning ta’kidlashicha, voqea 17 oktyabr kuni sodir bo‘lgan, ayblanuvchi uchuvchisiz samolyotlarni havoga ko‘tarilishini taqiqlovchi qonunining tegishli bandlarini buzgan.

“Politsiya 17 oktyabr kuni Xammerfestda bir kishini hibsga oldi, undan dron va elektron qurilmalar topildi, drondagi materiallar hozir tahlil qilinmoqda, drondagi ma’lumotlarning mazmuni ish uchun katta ahamiyatga ega”, deydi u.

Vaziyatga ayblanuvchining advokati ham izoh berar ekan. Sud qarori ustidan shikoyat qilishi, himoyasi ostidagi shaxs o‘z aybini tan olgani, ammo u Britaniya fuqarosi bo‘lib, qilgan ishi noqonuniy ekanligiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidlagan.

Xabarda qayd etilishicha, bu Norvegiya shimolidagi uchuvchisiz samolyotlardan noqonuniy foydalanishda gumonlanganlarning hibsga olinishi bilan bog‘liq to‘rtinchi holat. Rossiya fuqarolariga Norvegiya havo hududida va quruqlikdan 12 dengiz mili uzoqlikda dronlardan foydalanish taqiqlanadi.

Rossiyaning Oslodagi elchixonasi Norvegiyaga sayyohlik maqsadida kelgan rossiyaliklarni foto va video suratga olishga mo‘ljallangan qimmat jihozlarni olib kelmaslik haqida ogohlantirgan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Vladimir Yakuninning to‘ng‘ich o‘g‘li Andrey Yakunin 1975 yilda tug‘ilgan. U London biznes maktabi va Kolumbiya universiteti biznes maktabida tahsil olgan. Shuningdek, Andrey joriy yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qat’iy qarshiligini e’lon qilib, hech qachon Vladimir Putinga ovoz bermaganini aytgan. 

Ma’lumot o‘rnida, tadbirkor Vladimir Yakuninni G‘arb mamlakatlari Vladimir Putinning yaqin hamkori sifatida ko‘radi. 2014 yilda Qrim anneksiya qilinganida Yakunin AQSH Davlat departamentining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. U 2005 yil iyundan 2015 yil avgustga qadar “Rossiya temir yo‘llari”ning rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyada, AQSH talabiga binoan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li Artem Uss qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing