Putinning “oshpazi“ o‘zini jinoiy to‘da o‘g‘irlab ketishidan xavotirda
Olam
−
22 mart 2021
13575Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan tadbirkor Yevgeniy Prigojin Tergov qo‘mitasiga “amerikaliklardan tarkib topgan uyushgan jinoiy guruh uni o‘g‘irlashga urinishi” to‘g‘risida bayonot bilan murojaat qildi. Bu haqda Prigojinga tegishli bo‘lgan “Konkord” kompaniyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ariza shikoyati Prigojin to‘g‘risida ma’lumot uchun AQSH Federal qidiruv byurosi tomonidan 250 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti e’lon qilinishi bilan bog‘langan. FQB tomonidan Prigojin AQSHga qarshi firibgarliklar uyushtirishda, uning ichki siyosatiga aralashishda va 2016 yilgi prezidentlik sayloviga ta’sir o‘tkazishda gumon qilinib, qidiruvga berilgandi.
Arizada qayd etilishicha, AQSH hukumati Prigojin uchun mukofot e’lon qilgan holda, uni o‘g‘irlash va to‘qib chiqarilgan bahona bilan noqonuniy ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zlamoqda.
“Men Rossiya Federatsiyasi hududida ham, chet el davlati, shu jumladan Qo‘shma Shtatlar hududida ham hech qanday jinoyat sodir etmaganligimni ta’kidlayman. AQSH tomonidan meni ta’qib qilish siyosiy sabablarga ko‘ra sodir etilmoqda chunki men Rossiya Federatsiyasining fuqarosiman va AQSH siyosatiga mos kelmaydigan fikrimni faol ravishda bildiraman”, deb yozgan u.
Prigojin Rossiya Tergov qo‘mitasidan AQSH Prezidenti Jo Bayden, Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Vilyam Byorns va Adliya vaziri Merrik Garlandga qarshi odam o‘g‘irlashga tayyorgarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishini talab qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2018 yil fevral oyida AQSH okrug sudi Yevgeniy Prigojinni hibsga olishga order berdi. Shundan so‘ng, u Interpolning qidiruv bazasiga tushgan. Federal qidiruv byurosi ham 2021 yil 26 fevralda Prigojinni qidiruvga bergan.
Prigojinning o‘zi qidiruv to‘g‘risidagi xabarlarni FQBning obro‘ orttirishga hamda jamiyatdagi chuqur muammolarni yashirishga urinishi va shu sababli “jodugarlar ovi”ni uyushtirmoqda, deb atagan.
Prigojin bunga javoban britaniyalik tadbirkor va Vladimir Putinning tanqidchisi Mixail Xodorkovskiyni “qo‘lga olish” uchun 500 ming dollar taklif qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Yevgeniy Prigojin Prezident Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan peterburglik ishbilarmon. U ko‘p yillar davomida Putin nomi bilan bog‘liq tadbirlarni uyushtirishdan tortib, dasturxon taomnomasigacha o‘zi tuzgan.
LiveBarchasi