Putinning qizi “uzoq umr ko‘rish laboratoriyasi”ni ochdi
Olam
−
22:01 1519 3 daqiqa
Kecha, 19 oktyabr kuni “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabida umr ko‘rish davomiyligini oshirishning davlat siyosati, iqtisodiyot va mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha laboratoriya ishga tushirildi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu voqea bilan bog‘liq forumda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qizi va Tibbiyot ilmiy-ta’lim instituti direktori Mariya Voronsova chiqish qilgan. U uzoq umr ko‘rishni ikki bosqichga bo‘lish kerakligini aytgan. Birinchi bosqichda inson “tabiat tomonidan berilgan 85-90 yoshlik potensialni yashab o‘tishi” kerak. Buning uchun bolalikdan sog‘liq haqida qayg‘urish odatini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish va muntazam ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tib turish zarur, deb hisoblaydi Voronsova.
Ikkinchi bosqich esa, uning so‘zlariga ko‘ra, “Xudoni yoki tabiatni aldash” va insonning tabiiy imkoniyatlari chegarasidan chiqishga bo‘lgan urinishni ifodalaydi. Voronsova bu sohadagi ilmiy muvaffaqiyatlar hozircha kamtarona ekanini tan olgan. Uning nuqtai nazaricha, uzoq umr ko‘rish yo‘lidagi to‘siqlardan biri – qarishning kasallik deb hisoblanmasligidir. Natijada unga qarshi kurashadigan preparatlarni ishlab chiqish qiyinlashmoqda, chunki bu jarayon aniq tashxis va klinik sinovlarni talab qiladi.
Shu bilan birga, Voronsova “umuminsoniy o‘lim qo‘rquvi” sog‘liqni saqlash tizimini 10-20 yildan keyinroq qarish muammosini hal qilishga undashiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, bundan oldinroq Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Denis Sekirinskiy Rossiyada qarishga qarshi vaksina – hujayralarning yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlari bilan aloqador genni bloklaydigan preparat ishlab chiqish boshlaganini ma’lum qilgan. Bu ish bilan Qarish biologiyasi va tibbiyoti instituti shug‘ullanmoqda.
Bunday dori vositasini ishlab chiqarishni 2028-2030 yillarga borib yo‘lga qo‘yishni Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova ham va’da qilgan. Ishlanmalar Putinning talabi bilan 2025 yilda ishga tushirilgan “Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari” milliy loyihasi doirasida olib borilmoqda. Kremlga yaqin “Meduza” manbasining aytishicha, tashabbusga Prezidentning do‘sti, “abadiy hayot haqida xayol suradigan” va genetika sohasidagi mahalliy ishlanmalar bo‘yicha federal dasturni nazorat qiladigan Kurchatov instituti rahbari Mixail Kovalchukning “xayoliga o‘rnashib qolgan g‘oyasi” sabab bo‘lgan. Bu dasturda Voronsova ham ishtirok etmoqda.
Shuningdek, 2025 yilda Putinning talabi bilan “Uzoq va faol hayot” milliy loyihasi ishga tushirilgan. Unga va “Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari”ga umumiy hisobda 2 trillion rubldan ortiq mablag‘ sarflash rejalashtirilmoqda. Prezident Rossiyada o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 2030 yilgacha 78 yoshga, 2036 yilgacha esa 81 yoshga oshirish vazifasini qo‘ygan. Hozirda u 74,2 yoshga teng.
Putinning o‘zi 74 yoshda. Mamlakatning aksariyat oliy mansabdor shaxslari ham taxminan shu yoshda, Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi esa 68 yoshni tashkil etadi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Putin azaldan organizmni yoshartirish mavzusiga qiziqadi. 2025 yil sentyabr oyida Pekinga tashrifi chog‘ida u Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan zamonaviy texnologiyalar va a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) yordamida abadiylikka erishish imkoniyatini muhokama qilgan edi. O‘shanda Si Putinni “ushbu asrdayoq 150 yoshgacha yashash imkoniyati borligiga” ishontirgan edi.
Live
Barchasi