Putin Japarov va Rahmon bilan yopiq eshiklar ortida gaplashib oldi
Olam
−
14 Oktabr 2022 6705 2 daqiqa
Kecha, 13 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvi o‘tkazildi. Vladimir Putin, Imomali Rahmon va Sadir Japarov Osiyoda hamkorlik va ishonch chora-tadbirlari bo‘yicha kengash sammiti doirasida muzokara o‘tkazdi.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati siyosatchilarning yopiq eshiklar ortida nimalar haqida gaplashgani va qanday kelishuvlarga erishgani haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Uchrashuvda tojik-qirg‘iz chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar jarayonining borishi ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv ishtirokchilari yuzaga kelgan muammolarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga kelishib olgan.
Bundan tashqari, avval erishilgan kelishuvlarga qat’iy muvofiq ravishda Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumat guruhlari hamda ekspertlardan iborat ishchi guruhlar faoliyatini faollashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Uchrashuvdan oldin Putin Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiya tomonining yaqin ittifoqchilari ekanini qayd etgan.
“Biz xalqaro tashkilotlar doirasida juda yaqin hamkorlik qilamiz va, albatta, strategik hamkorlarmiz. Qirg‘izistonning bir million fuqarosi Rossiyada yashab, o‘qib, mehnat qilayotganini aytish kifoya. Tojikistonning ikki million fuqarosi ham Rossiya Federatsiyasida ishlaydi va yashaydi”, degan u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ham oshib bormoqda.
“Bir tomondan ham, boshqa tomondan ham o‘tgan yili qariyb 45 foiz, joriy yilning 7 oyida 20-30 foiz o‘sish kuzatildi. Hajm juda katta va, albatta, biz izchil ijobiy rivojlanish uchun bunday sharoitlar saqlanib qolishi yoki kerak bo‘lganda yangidan yaratilishidan manfaatdormiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Live
Barchasi