Alkogolsiz ichimliklarga yangi talablar belgilandi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
8732O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 345-son qarori bilan Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament (keyingi o‘rinlarda – Texnik reglament) va uni joriy etish sxemasi tasdiqlandi.
Texnik reglament rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 18 oy o‘tgach amalga kiritiladi. U amalga kiritilgunga qadar alkogolsiz ichimliklarni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni majburiy tartibda emas, ixtiyoriy qo‘llaniladi.
Texnik reglament alkogolsiz ichimliklarga, xomashyo va tarkibiy qismlarga, alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va utilizatsiya qilish jarayonlariga tatbiq etiladi. U bolalar ozuqasi uchun mo‘ljallangan, mamlakat tashqarisiga eksport qilish uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Alkogolsiz mahsulotlar ro‘yxati Texnik reglamentga ilovada keltirilgan va 20 turdan iborat.
Alkogolsiz ichimlikning iste’mol qadog‘ida qo‘shimcha tarzda ushbu mahsulotga tegishli ma’lumot tariqasida quyidagi yozuvlar joylashtiriladi: sifat sertifikatlari mavjudligi, tarkibida ta’m beruvchilar, aspartam (fenilalanin), energetik quvvat beruvchilar va boshqalar mavjudligi. Xaridorni chalg‘itishga olib keladigan ishonchsiz ma’lumotlar ko‘rsatilishi taqiqlanadi.
Alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi zaharli elementlar va mikotoksinlar, radionuklidlarning ruxsat etilgan darajasi, mikrobiologik va parazitologik ko‘rsatkichlar Texnik reglamentga tegishli ilovalarda keltirilgan.
Tasdiqlangan Texnik reglament «O‘zstandart» agentligi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiya si, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK tomonidan sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalariga yetkaziladi, mavjud NHHlar xatlovdan o‘tkaziladi va Reglament talablariga muvofiqligi baholanadi, talablarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshiriladi.
LiveBarchasi