Putin Ukrainadagi siyosiy inqirozda Yevropa va AQSHni aybladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Germaniyaning “Die Zeit” gazetasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Ikkinchi jahon urushi boshlanganining 80 yilligiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi. Bu haqda Kreml xabar bermoqda.

Rossiya davlati rahbari tomonidan tayyorlangan maqola “O‘tmishga qaramay ochiq bo‘lish” deb nomlangan. Unda Putin bundan roppa-rosa 80 yil oldin, 1941 yil 22 iyun kuni fashistlar deyarli butun Yevropani zabt etib, Sovet ittifoqiga hujum qilganini yodga olgan. 

Muallif Vatan mustaqilligi va obro‘yini himoya qilgan Yevropa, qolaversa dunyoni qullikdan xalos etgan Qizil armiya va front orti qahramonlarining jasorati va bardoshi bilan faxrlanishini urg‘ulagan. 

“Kim hozir o‘tmish sahifalarini qayta yozmoqchi bo‘lsa, haqiqat shuki, sovet askari Germaniya yeriga nemislardan qasos olish uchun emas, balki ozodlikni saqlashdek buyuk vazifa bilan kelgan. Natsizmga qarshi kurashgan qahramonlar xotirasi biz uchun muqaddasdir. Gitlerga qarshi koalitsiyadagi ittifoqchilar, Qarshilik ishtirokchilari, umumiy G‘alabani yaqinlashtirgan nemis antifashistlarini minnatdorlik bilan xotirlaymiz”, deydi Putin.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

“Jahon urushi dahshatlaridan qutulib, Yevropa xalqlari begonalashishni yengib,  o‘zaro ishonch va hurmatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi, o‘tgan asrning birinchi yarmidagi Yevropa fojialari ostida so‘nggi chiziqni chizish uchun birlashish yo‘lini boshladilar. Va men shuni alohida ta’kidlashni istardimki, xalqimiz bugungi Yevropaning shakllanishida, Germaniyaning sharqida ham, g‘arbida ham yashagan nemislarning birlashishi va tarixiy yarashuvida ulkan rol o‘ynagan. Eslatib o‘taman, urushdan keyingi yillarda aynan nemis tadbirkorlari mamlakatimiz bilan hamkorlikning kashshofiga aylandi”, deya qayd etdi Rossiya Prezidenti.

Prezident 1970 yilda SSSR va Germaniya o‘rtasida imzolangan “asr bitimi” — Yevropaga uzoq muddatli tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilganini eslab o‘tgan. Putinning qayd etishicha, ushbu kelishuv ko‘plab keyingi ulkan loyihalarning, jumladan, “Shimoliy oqim” gaz quvuri qurilishining boshlanishiga turtki bo‘lgani haqida so‘zga olgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Shimoliy oqim” — Rossiyadan Germaniya tomon Boltiq dengizining tubi bilan o‘tkazilayotgan gaz quvuri. Ushbu loyihadan maqsad — Rossiyadan Yevropaga yetkazib beriladigan gaz miqdorini oshirish hamda gazni yetkazib berishda tranzit davlatlarga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish. O‘z navbatida, Rossiya, Germaniya, Niderlandiya va Fransiya ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, AQSH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari (Estoniya, Latviya va Litva) qarshi chiqmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ushbu loyihani Rossiyaning qo‘lidagi geosiyosiy qurol, deb atagan. Ukraina davlat rahbarining so‘zida jon bor, chunki aynan “Shimoliy oqim” haqida gap ketganda, Yevropa davlatlarining qarashlarida kattagina tafovut kelib chiqadi.

Bundan tashqari, Vladimir Vladimirovich ushbu maqolasida dunyoning qutblashishida ko‘pgina mamlakatlar sun’iy tanlovga duch kelganiga e’tibor qaratgan. 

“Yoki jamoaviy G‘arb bilan, yoki Rossiya bilan bo‘lish — bu aslida ultimatum edi”, deydi davlat rahbari.

Putin ushbu fikriga misol tariqasida 2014 yilda Ukrainada yuz bergan siyosiy inqiroz haqida yozgan.

“Yevropa Ukrainadagi konstitutsiyaga qarshi qurolli to‘ntarishni faol qo‘llab-quvvatladi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Bunaqa qilishning nima keragi bor edi? Vaholanki, amaldagi [Ukraina] Prezident Yanukovich oppozitsiyaning barcha talablariga, allaqachon, rozi bo‘lgan edi. Nima uchun Qo‘shma Shtatlar davlat to‘ntarishini uyushtirdi va nega Yevropa davlatlari uni qo‘llab-quvvatladi?”, deya yozadi Putin.

Putin Yevropaning urushdan keyingi butun tarixi “umumiy qit’amizning gullab-yashnashi va xavfsizligiga barcha davlatlar, shu jumladan, Rossiyaning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan erishish mumkinligini” aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zining Yevropa bilan ajralmas madaniy va tarixiy aloqasini his qiladigan eng yirik Yevropa davlatlaridan biridir. 

Putin maqolada Rossiya va Yevropa uchun manfaatli bo‘lgan mavzularni ham sanab o‘tgan.

Ular qatoriga xavfsizlik va strategik barqarorlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim, raqamlashtirish, energetika, madaniyat, fan va texnologiyalar, iqlim va ekologik muammolarni hal qilish kirgan. Rossiya rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatlar “o‘tmishdagi tushunmovchiliklar, shikoyatlar, mojarolar va xatolar yukini shunchaki tashib yurolmaydi”, bu esa ularni dolzarb muammolarni hal qilishda jamlashga imkon bermaydi.

“Biz hammamiz bu xatolarni tan olishimiz va ularni tuzatishimiz kerakligiga aminmiz. Bizning umumiy va tortishib bo‘lmaydigan maqsadimiz Yevropa va butun dunyo ravnaqi yo‘lida bo‘linish chiziqlarisiz kontinental xavfsizlikni, teng huquqli hamkorlik va universal rivojlanishni ta’minlash hisoblanadi”, deya xulosa qilgan Putin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

128

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing