Putin Ukraina masalasida muzokaraga tayyor – Peskov
Olam
−
15 fevral 2022
14381Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina atrofidagi vaziyat va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha “muzokaralarga tayyor”. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga ma’lum qildi.
“Avvalo, Prezident Putin doimo muzokaralar va diplomatiyani ma’qullab keladi... va aslida Rossiya Federatsiyasi uchun xavfsizlik kafolatlari masalasini u ilgari surgan. Rossiya uchun Ukraina muammoning faqat bir qismi, bu yanada jiddiy xavfsizlik kafolatlari muammosining bir qismidir va, albatta, Prezident Putin muzokaralarga tayyor”, degan Peskov.
So‘nggi oylarda Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashdi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslik yoki zudlik bilan mamlakatni tark etishni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
2021 yil oxirida Rossiya AQSH bilan shartnoma va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv loyihalarini chop etdi. Xususan, Moskva o‘zining g‘arblik hamkorlaridan NATOning sharqda yanada kengayishini to‘xtatish, Ukrainani alyansga qo‘shish va postsovet mamlakatlarida harbiy bazalar ochishdan bosh tortishning huquqiy kafolatlarini talab qilmoqda. Takliflarda, shuningdek, NATOning zarba beruvchi qurollarini Rossiya chegaralari yaqinida joylashtirmaslik va Sharqiy Yevropadagi ittifoq kuchlarini 1997 yilgi pozitsiyalarga qaytarish to‘g‘risidagi band ham bor.
AQSH va NATO Rossiyaning taklifi va talablarini rad etdi. Xususan, AQSH Rossiya bilan qurollanishni cheklash borasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. NATO esa tashkilotga kim a’zo bo‘lishini mustaqil hal qilishini bildirdi.
LiveBarchasi