Putin Rossiya bosib olgan 4 hududda harbiy holat joriy qildi
Olam
−
19 Oktabr 2022
8549Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatning anneksiya qilish yo‘li bilan qo‘shib olingan to‘rtta yangi hududi – DXR, LXR, Zaporoje va Xersonda harbiy holat joriy qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda TASS xabar berdi.
"Men Rossiya Federatsiyasining ushbu to‘rtta sub’ektida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladim. U zudlik bilan Federatsiya Kengashiga tasdiqlash uchun yuboriladi va qaror haqida Davlat Dumasiga xabar qilinadi”, deydi Putin bugun, 19 oktyabr kuni videokonferensiya orqali o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Qonunga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasiga harbiy holat joriy etilgani haqida darhol xabar berishi kerak.
"Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 87-moddasi 2-qismiga va 2002 yil 30 yanvardagi 1-sonli “Harbiy holat to‘g‘risida”gi Federal Konstitutsiyaviy qonunining 3 va 4-moddalariga muvofiq Qurolli Kuchlar Rossiya Federatsiyasining hududiy yaxlitligiga qarshi qo‘llanilishini hisobga olib, qaror qilaman: 2022 yil oktyabrdan boshlab Donetsk xalq respublikasi, Lugansk xalq respublikasi (O‘zbekiston DXR va LXRni tan olmagan – tahr.), Zaporoje va Xerson viloyatlari hududlarida harbiy holat joriy etiladi”, deyiladi farmon matnida.
Hukumatga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FXX, Rossiya gvardiyasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Maxsus dasturlar bo‘yicha Bosh boshqarmasining takliflariga muvofiq uch kun muddatda harbiy holat joriy etilgan hududlarda ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi