Putin Rossiya kibersportchilarini xitoyliklar ustidan qilgan g‘alabasi bilan tabrikladi 

Sport

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatning “Team Spirit” jamoasi a’zolarini “Dota 2 - The International” o‘yini bo‘yicha Jahon chempionatida qilgan g‘alabasi bilan tabrikladi. Davlat rahbarining tabrik so‘zi bugun, 18 oktyabr kuni Kreml saytida e’lon qilindi.

Gap shundaki, kecha, 17 oktyabr kuni Rossiyaning “Team Spirit” kibersport tashkiloti o‘yinchilari “Dota 2 - The International” bo‘yicha Jahon chempionatida Xitoyning PSG.LGD kibersport tashkilotini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” futbol klubi xitoyliklarning hamkori hisoblanadi. Musobaqa Ruminiya poytaxti Buxarestdagi Milliy stadionda bo‘lib o‘tdi. 

“Finalga chiqish yo‘lida siz yetakchilik fazilatlari va birdamlikni namoyish etdingiz. Haqiqiy mahorat hamda xarakter sinoviga aylangan hal qiluvchi duelda esa diqqatni bir joyga to‘plashga va kuchli raqibdan tashabbusini olib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldingiz. Sizlar amalda bizning kibersportchilar har doim natijaga e’tibot qaratishi va har qanday cho‘qqilarni zabt etishga qodir ekanini isbotladingiz”, deydi Prezident.

Davlat rahbari, shuningdek, Rossiya terma jamoasi bu musobaqa tarixida ilk bor g‘olib bo‘lganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, “The International” har yili o‘tkaziladi, biroq 2020 yilda turnir koronavirus pandemiyasi tufayli bekor qilingan. Bu yil turnir Stokgolmdan Buxarestga ko‘chirildi va tomoshabinlarsiz o‘tkazildi. G‘alaba uchun “Team Spirit” 18,2 million dollar, PSG LGD esa 5,2 million dollar ishlab topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

285

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing