Putin og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan fuqarolarni urushga yuborishga ruxsat berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ayrim og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki muddatini o‘tab bo‘lmagan fuqarolar safarbarlik doirasida harbiy xizmatga chaqirilishi nazarda tutilgan qonunni imzoladi. Tegishli hujjat bugun, 4 noyabr kuni Huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.

Endilikda "Rossiya Federatsiyasida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida"gi qonunning 17-moddasi 4-bandi yangi tahrirda chop etiladi. 

Qayd etilishicha, ushbu qonun voyaga yetmaganning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etgan, terrorchilik harakatini amalga oshirgan, odamlarni garovga olgan, noqonuniy qurolli guruh tashkil etgan, shuningdek, havo, suv yoki temir yo‘l transportini olib qochganlar uchun olib tashlanmagan va sudlanganligi o‘talmagan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Ushbu qonunda sudlanganligi aniq bo‘lgan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish mumkin bo‘lmagan holatlar ham belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilganlik, ularni o‘g‘irlaganlik yoki tovlamachilik bilan shug‘ullanganlik uchun sudlanganligi o‘talmagan shaxslar safarbarlikka tortilmaydi.

Bundan tashqari, norma davlatga xiyonat, josuslik, davlat arbobi hayotiga tajovuz qilish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish, qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarish, ekstremistik harakatlarga ommaviy chaqiriqlar, nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish, shuningdek, inson qadr-qimmatini kamsitish kabi jinoyatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, sudlanganligi o‘talmagan va olib tashlanmagan fuqarolarni xalqaro himoyaga ega bo‘lgan shaxslar yoki muassasalarga hujum qilish uchun safarbar qilish mumkin bo‘lmaydi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki o‘talmagan fuqarolar safarbarlik bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing