Putin Xitoyga yetib bordi (video)
Olam
−
19 may 7089 2 daqiqa
Bugun, 19 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya-Xitoy o‘rtasidagi Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 25 yilligi munosabati bilan Pekinga rasmiy tashrif bilan bordi. Aeroportda uni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I kutib oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, asosiy ishchi dastur ertaga, 20 may kuniga rejalashtirilgan. U markaziy Tyananmen maydonida Rossiya delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimi bilan boshlanadi. Shundan so‘ng, Xalq yig‘inlari zalida Putinning Xitoy yetakchisi bilan muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Tomonlar har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolaydi. Umumiy hisobda sanoat, savdo, transport, qurilish, atom energetikasi, shuningdek, ta’lim, kinematografiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish va axborot agentliklari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan 40 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yetakchilar OAV uchun bayonot beradi. Shu kuni kechroq Putin va Si Szinpin ta’lim sohasidagi Rossiya-Xitoy hamkorligining “o‘zaro yillari” ochilish marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, Putin Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan bilan alohida savdo-iqtisodiy masalalarni muhokama qiladi.
20 may oqshomda Si Szinpin nomidan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tadi, dasturning yakuniy qismi esa Putinning XXR Raisi bilan choy ustidagi suhbati bo‘ladi. Kremlga ko‘ra, ushbu norasmiy uchrashuv tashrifning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘ladi – rahbarlar eng muhim mavzular va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni do‘stona hamda ochiq tarzda muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Xitoyga tashrifi arafasida ushbu mamlakat xalqiga murojaat qilgan edi. Rossiya yetakchisi ikki davlat vakillarining muntazam o‘zaro tashriflari muhimligini ta’kidlab, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 25 yilligiga to‘xtalgan.
Live
Barchasi