Putin boshiga bitilgan balo. Navalniy asirga aylanganiga bir yil to‘ldi

Bu qiziq

image

“Har qanday quvvat raqobatsiz pasayadi”.

Aleksey Navalniy 

G‘arb siyosatchilarida bir naql bor: siyosat muxolifatdan kuch oladi. Biroq bu haqiqatni rad etuvchi davlatlar talaygina. Asosan boshqaruv shakli avtoritar va diktatura bo‘lgan mamlakatlarda muxolif partiya tuzish va unga a’zo bo‘lish taqiqlangan. Postsovet hududida hayot kechiradigan insonlar “muxolifat” vakillarini dushman deb biladi. Ammo bu juda noto‘g‘ri.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin 2021 yil 17 yanvar kuni rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy Germaniyada davolanib, o‘z vataniga qaytib kelayotgandi. Navalniy chiqqan “Pobeda” reysi Moskvaning “Vnukovo” aeroportiga qo‘nmadi. Samolyot kapitaniga ratsiyadan yo‘nalishni o‘zgartirish haqida buyruq keldi. Moskva hududiga kirgan uchoq yo‘nalishni o‘zgartirib, “Sheremetevo” aeroportiga qo‘ndi. Bu yerda Navalniyni bir gala OMONchilar “o‘ta mamnunlik” bilan qarshi olishdi. Xo‘sh, nega Navalniy bunday kutib olindi? U qanday jinoyat qilgandi? Bugun uning ahvoli qay holatda?

Navalnyning siyosatga qadam qo‘yishi

Aleksey Navalniy 1976 yil 4 iyunda Moskva viloyati Odinsovo tumani Butin harbiy shaharchasida tug‘ilgan. U 17 yoshida Moskva yaqinidagi o‘rta maktabni tamomlagan. 1998 yilda Navalniy Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining yuridik fakultetini bitirgach, “Aeroflot” bankiga ishga kirgan. 2004 yilda u korrupsiyaga va fuqarolarning huquqlarini buzishga qarshi kurashuvchi “Moskvaliklarni himoya qilish qo‘mitasi” ga asos soldi va uning rahbarlaridan biriga aylandi. 2006 yilda Navalniy televideniyeda “Siyosiy bahslar” dasturida boshlovchi sifatida ishladi.

Navalniy 2011 yilda Rossiya dummasiga o‘tkazilgan deputatlik saylovini tanqid qildi. Minglab odamlar oldida nutq so‘zlagan Navalniy “Yagona Rossiya” partiyasini “firibgarlar, o‘g‘rilar va qotillar partiyasi” deb atadi. 

Tadbir tugagandan so‘ng, u yana bir necha yuz nafar namoyishchilar bilan Lubyankadagi Rossiya Markaziy saylov komissiyasi binosiga ruxsat etilmagan yurishda ishtirok etdi va politsiya tomonidan hibsga olindi. U bilan birga muxolifat yetakchisi Ilya Yashin ham hibsga olingan.

Navalniy 2013 yilda Moskva merligiga o‘z nomzodini qo‘ydi va ikkinchi o‘rinni oldi. 2016 yilda esa u Rossiya prezidentlik saylovlarida qatnashish niyati borligini ma’lum qildi va shu tariqa katta siyosatga kirib keldi.

Navalniyning zaharlanishi

2020 yil 20 avgust kuni Navalniy Tomsk aeroportidan samolyotga o‘tirdi. Uchoq havoga ko‘tarilgach, rossiyalik siyosatchining tobi qocha boshladi. Samolyot zudlik bilan Omskka qo‘ndi. Tekshiruvlar natijasida Navalniy zaharlanganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, siyosatchining tarafdorlari uni xorijga olib chiqish uchun Kremldan yordam so‘radi. Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. O‘sha kunning o‘zida Germaniya va Fransiya yetakchilari ham Aleksey Navalniyga yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi. 21 avgust kuni Navalniy xorijdan kelgan maxsus samolyotda Germaniyaga jo‘nab ketdi. Yevropa Ittifoqi muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sabab Rossiyaning ayrim amaldorlariga sanksiya qo‘lladi.

Rossiyaga qaytgan Navalniy

Muxolif siyosatchi Germaniyada davolangach, 2021 yilning yanvar oyida Rossiyaga qaytishini e’lon qildi. 17 yanvar kuni u Moskvaga oyoq qo‘yishi bilan bir gala OMONchilar tomonidan hibsga olindi. Navalniy chiqqan “Pobeda” reysi Moskvaning “Vnukovo” aeroportiga qo‘nishi kerak edi. Biroq samolyot yo‘nalishini o‘zgartirib, “Sheremetevo” aeroportiga qo‘ngan. Muxolifatchi “Iv Roshe” jinoyat ishi doirasida hibsga olingan.

Shu kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Rossiyadan Navalniyni zudlik bilan ozod qilishni so‘radi.

2021 yil 18 yanvar kuni Aleksey Ximki shahar sudi tomonidan 30 kunga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni esa tartibga ko‘ra sud zalida emas, balki politsiya bo‘linmasida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, 2 fevral kuni Navalniy ustidan navbatdagi sud jarayoni o‘tkazildi. U “Iv Roshe” kompaniyasining pullarini o‘zlashtirishda ayblandi. Siyosatchiga 3,5 yillin qamoq jazosi “ilib” qo‘yildi.

AQSH va Yevropa Rossiyadan Navalniyni ozod qilishni talab qildi

21 yanvar kuni Germaniya kansleri Angela Merkel Moskvada 30 kun hibsga mahkum qilingan Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniyni ozod qilishni so‘rab shunday dedi:

“Men Navalniyni zudlik bilan ozod qilishga chaqiraman”,

AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Davlat departamentidagi nutqida Rossiya rasmiylarini Aleksey Navalniyni zudlik bilan ozod qilishni so‘radi:

“Navalniyning siyosiy motivli xulosasi hamda Rossiyaning miting erkinligini bostirishga urinishlari bizni va butun dunyo jamoatchiligini chuqur tashvishga solmoqda. Navalniy korrupsiyani fosh qilishni maqsad qildi. Uni zudlik bilan va shartsiz ozod qilish kerak”.

Rossiyani titratgan namoyishlar

2021 yil 23 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining bir qancha hududlarida muxolifatchi Aleksey Navalniyning tarafdorlari norozilik namoyishlarini uyushtirdi. Oqibatda, ayrim hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi organ va miting ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu mitinglar butun Rossiyani zir titratdi.

Moskvaning Tver sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning ukasi Olegni sanitariya-epidemiologiya me’yorlarini buzganligi sababli uy qamog‘ida ushlab turish bo‘yicha qaror chiqardi. Bundan tashqari, politsiya Oleg Navalniy, Mariya Alexina, Anastasiya Vasileva, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlari Oleg Stepanov va Lyubov Sobolni Moskvadagi ruxsatsiz mitinglar paytida sanitariya me’yorlarini buzish bo‘yicha tergov doirasida hibsga oldi.
 
2021 yil 31 yanvar kuni Rossiya shaharlarida muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun rejalashtirilgan namoyishlar boshlandi. Miting Xabarovsk va Vladivostok shaharlarida o‘tkazildi. Shu kuni Moskvada o‘tayotgan namoyishlarda Aleksey Navalniyning turmush o‘rtog‘i Yuliya Navalnaya hibsga olindi.

5 fevral kuni Rossiya 3 ta davlat ya’ni Germaniya, Polsha va Shvetsiya diplomatlarini “persona non grata” (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi va ulardan mamlakatni tark etishni so‘radi. Uch yevropalik diplomatning Rossiyadan chiqarib yuborilishiga mamlakatda muxolifatchi Aleksey Navalniy chaqirig‘i bilan 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan noqonuniy namoyishlarda diplomatlarning qatnashgani sabab qilib ko‘rsatildi.

Putin saroyi kimga tegishli?

Rossiyalik muxolifat yetakchisi hibsda bo‘lgan vaqtda uning YouTube’dagi platformasida “Putin uchun saroy” nomli surishtiruv filmi e’lon qilindi. Filmda Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida joylashgan, umumiy 17 691 metr kvadrat maydonni egallagan saroy Putin nomi bilan bog‘langan.

Ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin “Putin uchun saroy” filmiga munosabat bildirib shunday dedi:

“Men ushbu filmni ko‘rmadim. Shunchaki bunday ma’lumotlarni ko‘rish uchun bo‘sh vaqtim bo‘lmaydi. Lekin yordamchilarim olib kelgan videolarni ko‘zdan kechiryapman. U yerda mening mulkim sifatida ko‘rsatilgan hech narsa, na men, na mening yaqin qarindoshlarimga tegishli va hech qachon bo‘lmagan. Hech qachon!”.

Tez orada Kreml “Putin uchun saroy” filmidagi saroy kimniki ekanini ochiqladi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu saroy bir yoki bir nechta tadbirkorning mulki ekanligini ta’kidladi.

Ahvoli og‘irlashgan Navalniy

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni ozod qilish bo‘yicha 45 mamlakat tomonidan imzolangan bayonot BMTning Jenevadagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etildi. Ushbu bayonotni qabul qilgan mamlakatlarning asosiy qismi Yevropa davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ular orasida AQSH, Avstraliya, Kanada va Yaponiya ham bor edi. 

2021 yil 24 mart kuni Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya yana Rossiyani tark etdi va Germaniyaga ketdi. Ertasi kuni Rossiyaning Vladimir viloyatidagi koloniyada bo‘lgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning sog‘lig‘i juda yomonlashadi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti ma’muriyati Rossiya muxolifati yetakchisi Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqidagi xabarlardan xavotirda ekanligini ta’kidladi.

6 aprel kuni “Shifokorlar ittifoqi” rahbari Anastasiya Vasileva va yigirmaga yaqin faol Aleksey Navalniy saqlanayotgan axloq tuzatish muassasasiga keldi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning umurtqa pog‘onasida churra bor va bu beldan pastki qismlarni falaj holatiga olib kelishi mumkin.

AQSH va Yevropa Navalniyning sog‘lig‘i bilan bog‘liq voqealar rivojini diqqat bilan kuzatdi. AQSH rasmiylari Rossiya muxolifatining yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etsa, bu Rossiya uchun yomon oqibatlarga olib kelishini aytib, ogohlantirdi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Parlament Assambleyasi rasmiy Moskvadan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni 7 iyunga qadar ozodlikka chiqarishni so‘radi va shu bilan bir qatorda, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qildi. Biroq Rossiya bunga rad javobini berdi.

Yevropa “Putinning asirini” mukofotladi

2021 yil 20 oktyabr kuni Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi Aleksey Navalniy Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi bosh unvoni – “Fikr erkinligi uchun” Andrey Saxarov mukofotini oldi. Bundan tashqari, Amerikaning “Time” jurnali o‘z versiyasiga ko‘ra, 2021 yil uchun dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatiga rossiyalik muxolifatchini ham kiritdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Aleksey Navalniy hozir Vladimir viloyatining Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida saqlanmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing