Putin borgan Ostona ko‘chalarida Ukraina bayrog‘i namoyish etildi (video)
Olam
−
28 noyabr 2024 15776 1 daqiqa
Kecha, 27 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tashrifi davomida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi LED-ekranlardan birida Ukraina bayrog‘i tasviri paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Ukraina bayrog‘i tasviri “Astana Opera” teatri yoniga o‘rnatilgan LED-ekranda paydo bo‘lgan. Bu tasvir Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatga kelgani munosabati bilan shaharning boshqa LED-ekranlarida aks ettirilgan Rossiya davlat bayrog‘i tasviri o‘rniga almashtirilgan. Shu kuni Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazgan.
“Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Yuz bergan hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda. Qonunga zid harakatlarni amalga oshirgan shaxslar javobgarlikka tortiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, “Keruyen Media” MCHJ (Ostonadagi LED-ekranlarga egalik qiluvchi kompaniya) bilan bog‘liq voqea bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan. Ichki ishlar vazirligi barcha ehtimoliy versiyalar, jumladan texnik nosozliklar va tashqi noqonuniy aralashuv ehtimolini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Ostonaga kelgani xabar qilingan edi. Aeroportda uni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib olgan.
Live
Barchasi