Putin Baydenga Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy bazasidan foydalanishni taklif qildi
Olam
−
17 iyul 2021
12833Joriy yilning 16 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Jo Baydenga afg‘on yo‘nalishidagi harakatlarni Moskva bilan muvofiqlashtirishni taklif qilgan. Bu haqda “Kommersant’” o‘z manbasiga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Vladimir Putin Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalaridan amaliy maqsadlarda foydalanish tashabbusi bilan chiqqan.
Qayd etilishicha, bunday hamkorlik ikki davlat o‘rtasida ma’lumotlarni, shu jumladan uchuvchisiz samolyotlar orqali olingan axborotni almashishga olib kelishi mumkin.
O‘z navbatida, AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod ushbu xabar yuzasidan izoh berishni rad etgan.
Kreml vakili Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Jenevadagi muzokaralarda ikki tomon Afg‘oniston masalasini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, Tojikistonda Rossiyaning 201-harbiy bazasi mavjud. Harbiy bazaning qismlari Dushanbe va Bo‘xtar shaharlarida joylashgan. Qayd etish kerakki, 201-harbiy baza Rossiyaning chet eldan joylashgan eng yirik bazasi hisoblanadi.
Qirg‘izistonda esa Rossiyaning “Kant” harbiy bazasi mavjud bo‘lib, u mamlakatning Chuy viloyatida joylashgan. 2003 yildan beri faoliyat olib borayotgan ushbu harbiy bazaning tarkibiy qismida Su-25 hujum samolyotlari hamda Mi-8MTV vertolyotlari bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahridagi “La Granj” qasrida ikki gegemon — Rossiya va AQSH rahbarlari o‘zaro 3 soatdan oshiq muzokara olib bordi. Yopiq eshiqlar ortida o‘tgan suhbatda Rossiya va AQSH Prezidentlari strategik barqarorlik va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelishib oldi.
LiveBarchasi