PSY koronavirusni ommaga tarqatishda ayblanmoqda

Madaniyat-san’at

image

Janubiy Koreya rasmiylari mashhur xonanda PSY’ning mamlakatda davom etayotgan konsertlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazadi. Gap shundaki, PSY’ning konserti shou elementlaridan biri tomoshabinlar ustiga ko‘p miqdorda suv purkalishi bo‘lib, ko‘plab tomoshabinlar buning oqibatida koronavirusga chalinganlaridan shikoyat qilgan. Bu haqda “Korea JoongAng Daily” nashri xabar berdi. 

Koreya Respublikasi “Xavfsizlik va tabiiy ofatlarga qarshi kurashish boshqarmasi” vakilining so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar konsertlardagi vaziyatni o‘rganish va tashkilotchilarning xatti-harakatlari jamoatchilikka qo‘shimcha xavf tug‘dirishini aniqlash ustidan surishtiruv ishlarini boshlagan. Hozircha rasmiylar ommaviy tadbirlarda tashkilotchilarni tomoshabinlar ustiga suv purkash amaliyotidan voz kechishga chaqirgan.

Qayd etilishicha yig‘ilgan tomoshabinlar ustidan suv purkash jarayoni PSY’ning yozgi gastrollarida o‘ziga xos xususiyat hisoblanadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, har bir konsertda buning uchun 300 tonnagacha ichimlik suvi sarflangan. Gastrol doirasida 44 yoshli xonandaning avgust oyida Janubiy Koreyaning turli shaharlarida yana to‘rtta konserti bor, biroq ularning taqdiri endi mahalliy hokimiyat organlari qaroriga bog‘liq bo‘ladi.

Xonandaning asl ismi Pek Che San bo‘lib, PSY uning taxallusi. 2012 yil PSY tomonidan kuylangan “Gangnam Style” qo‘shig‘iga ishlangan klip YouTube tarixida bir milliard marotaba ko‘rilgan ilk video hisoblanadi (Hozirda 4.4 milliardga yetgan). “Gentleman” nomli qo‘shiq uchun ishlangan klip esa 24 soat ichida eng ko‘p marotaba ko‘rilgan video sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreyada koronavirus bilan kunlik kasallanish holatlari iyul boshidagi 10 000 nafarlik ko‘rsatkichdan 27 iyul kuni 100 000 nafarlik chegaraga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

600

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing