Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Propiska tugadi. Toshkentga “begona”larning alami-chi?

Intervyu

Bunday voqealar O‘zbekistonning yaqin tarixida juda ko‘p sodir bo‘lardi. Bir o‘zbekistonlikning nafaqat bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi, balki biror mulk sotib olishi, ta’limi, hatto davolanishi, qayergadir ishga kirishi ham uning pasportiga, to‘g‘rirog‘i “propiska”siga bog‘liq edi. Viloyatdan bo‘lgan fuqarolar kechalari Toshkent ko‘chalarida naq “ovlanardi”. O‘zbekiston degan mamlakatning fuqarolari o‘z poytaxtiga yo‘llardagi nazorat punktlarida so‘roq-savol qilinib, xuddi boshqa mamlakat hududiga kirayotgandek kirar edi. Bu bugun Toshkentda erkin yurib, erkin yashab, erkin ishlayotganlar uchun ertakdek tuyular, ammo bularning bari haqiqat. Achchiq o‘tmish. QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda butkul bekor bo‘lish arafasida turgan “propiska”ning mana shu o‘tmishiga nazar tashlamoqchi.

24 yanvar kuni Senatning uchinchi yalpi majlisida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi. Ya’ni endilikda Toshkent “propiska”si degan tushuncha yo‘q. Ammo qonunchilikdagi bu oddiy o‘zgarish odamlar hayotida o‘chmas iz qoldirishga ulgurgan.

Aslida “propiska” tarixi mustamlakachilik davriga borib taqaladi. 1925 yilda SSSR hududi bo‘ylab “shaharlar hududida yashovchi aholini propiska qilish” to‘g‘risidagi dekretga muvofiq ilk bor “propiska” degan tushuncha va atama rasman muomalaga kiritilgan. 1932 yilda SSSR hududida yagona pasport tizimi yo‘lga qo‘yila boshlanganidan keyin propiska talabi qat’iylasha boshladi. Bu paytda mustamlaka ostidagi hududlar aholisining ko‘pchiligi pasport olmagan, qishloq aholisi shaharga borib kelish uchun ham qishloq sovetidan (selsovet) yozma ruxsat olishi kerak edi. Ana shundan boshlab bu propiska degan balo odamlar turmushining qiyinlashishiga sabab bo‘la boshladi. Dehqonlar o‘z mahsulotlarini shahar bozorlariga olib kirishi qiyinlashdi, savdo yo‘llari to‘xtadi va qisqa qilib aytganda odamlar nazdida “shahar” va “qishloq” degan ayri hududlar o‘rtasidagi farq kattalasha boshladi. Shaharlikka hamma sharoitlar bor, shaharliklar to‘kin, qishloqliklar esa faqir yashashga majbur edi. Bu sovet ittifoqining qachonlardir o‘zi tanqid qilgan imperialistik rejimning krepostnoylik huquqini yangicha shaklda yo‘lga qo‘yishi edi.

1974 yilga kelib, SSSRda aholini pasport bilan to‘liq ta’minlash yo‘lga qo‘yildi va bu paytga kelib pasport va “propiska” degan tushunchalar bir-biriga chambarchas bog‘lanib qoldi. Oldin asosiy masala ishchi-dehqonni o‘z hududida ushlab turish bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu tizim harbiy ahamiyat kasb eta bordi va asosan mudofaa maqsadlariga xizmat qila boshladi.

Leningrad, Moskva kabi shaharlarda aholi sonini cheklash maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri “propiska”ga o‘tish taqiqlab qo‘yildi. Ammo shunda ham ayrim imkoniyatlar saqlanib qoldi. Masalan, boshqa hududdan poytaxtga omadini izlab kelgan ishchi ma’lum limit asosida aniq belgilangan sohada 10 yil muddat uzluksiz ishlasa, “propiska”ga kirishga ruxsat berilardi.

To‘qsoninchi yillarga kelib “temir devorlar” bilan o‘ralgan SSSRda ham “propiska”ning adolatsiz rejim ekani ochiq tan olindi. 1990 yil konstitutsion nazorat qo‘mitasi “propiska” tizimi inson huquqlarini cheklash ekanini tan oldi va 1991 yilda 1992 yildan boshlab bunday tizimga barham berish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ammo bu davr kelguncha ittifoqning o‘zi tarqalib ketdi. Shunda ham qator respublikalar “propiska”dan voz kecha olishmadi. O‘zbekiston ham. Xalqaro tashkilotlarning uzluksiz tanqidlaridan keyingina respublikalar navbati bilan bu tizimdagi cheklovlarni bekor qilishdi. Ana shunda ham O‘zbekiston emas. Bu tizim uzoq yillar davomida barcha soha vakillarini ko‘kragidan itarib keldi.

Baribir bir savol sira o‘z javobini topolmayapti. SSSR parchalanganidan keyin ham nega uning sarqiti bo‘lgan “propiska” Toshkentda 30 yildan oshiq yashab qola oldi? Bunga 1999 yilgi fevral voqealari sabab sifatida ko‘rsatiladi. Shu yili Toshkentning turli qismlarida jami 6 ta portlovchi qurilma portlatilib, sodir etilgan terrorchilik harakati negadir viloyatliklar boshiga tashvish olib keldi. Ayni shu voqeadan keyin O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga boshqa hududdan kelib erkin “propiska” qilish cheklandi. Viloyatliklar Toshkent shahridan uy sotib olishi, hatto biron toshkentlikdan hadya asosida qabul qilishi ham bekor qilindi.

Endilikda viloyatlardan kelganlar poytaxt respublikasiga ro‘yxatga qo‘yilishi uchun Toshkent shahri hokimligi qoshida tuzilgan maxsus komissiyaga zarur hujjatlarni topshirib, komissiyaning ijobiy xulosasini olganidan keyingina marhamat qilinib, ichki ishlar organlari tomonidan “propiska” qilina boshlandi. Ammo buning uchun Toshkentda yaxshigina ko‘pincha yo zaringiz, yo zo‘ringiz bo‘lishi kerak edi.

O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ko‘ra birmuncha yaxshi sharoitlar, viloyatlarga qaraganda yaxshiroq pul topish imkoniyati, ta’lim olish kabi sabablar viloyatliklarni ularni istamayotgan Toshkent shahriga yetaklayverdi. Ammo ularning poytaxtda yurishiga “noqonuniy” deya baho berilardi. Garchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga egaligi yozib qo‘yilgan bo‘lsa ham.

Konstitutsiyaning 28-moddasiga qo‘shimcha qilingan “Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir” degan qismi aynan “propiska”ga tegishli bo‘lib, bu viloyatliklar boshiga yashash yoki ishlash istagida bo‘lgan boshqa hudud fuqarolariga ikki yo‘l qoldi: “propiska”si bor qarindoshi yoki tanishi nomiga uy sotib olish, poytaxtga yondosh bo‘lgan Toshkent viloyati tumanlariga “propiska”ga kirish. 2010 yildan boshlab bu imkoniyatga ham barham berildi. 2011 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy “propiska” qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar toifalari to‘g‘risidagi qonunni imzoladi va shu qonunga ko‘ra “propiska” tizimi tartibga solib kelindi.

Bu tizim odamlarni shu darajaga olib keldiki, Toshkent shahrida qalbaki nikohlar ko‘payib ketdi. 2020 yilda “Taraqqiyot strategiyasi” “propiska” tizimidagi o‘zgarishlarga izoh berar ekan, “Soxta nikohlar oldi olinadi” degan edi. Ya’ni Toshkent “propiska”siga kirishning eng ishonchli usullaridan biri biron toshkentlik bilan oila qurish edi. O‘z boshidan o‘tganlari haqida yozgan jurnalist Abror Zohidov ham “propiska” sabab ota-onasini ajrashtirishga majbur bo‘lgani haqida yozadi.

Endi bu tizimning bekor bo‘lishi haqida gaplashamiz. Aslida biz aytayotgan “propiska” amaldorlarning haqiqatni anglab yetgani uchun emas, fuqarolarning yakdilligi, jamoatchilik faolligi natijasida bekor bo‘lgan. Xuddi shunday, “propiska” O‘zbekistonda amaldorlar ustidan jamoatchilik nazorati g‘olib bo‘lgan eng katta yutuqlardan biridir. 2018 yilda Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Toshkent shahriga “propiska” qilish masalasi qizg‘in muhokama qilindi. Unda odamlar va ayrim deputatlar “propiska” tufayli duch kelgan muammolarni yozishni boshlashdi va eng ko‘p fikr va takliflar bildirdi.

Ammo 2021 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi “propiska”ni tanqid qilib chiqmagunicha amaldorlar tomonidan bu e’tirozlar e’tiborga olinmadi. Hatto ayrim deputatlar “propiska”ning bekor qilinishiga qarshi chiqib, agar “propiska” bekor qilinsa, Toshkentni odam bosib ketadi, degan bayonotlar bilan ham chiqqandi.

“Men hayotimda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganman. Uysiz yashash, uylanib bolam bilan ijarama-ijara yashash… Shuning uchun men ko‘p uy quraman. Bilamanki, bir paytlar Toshkentda “propiska” olish azob edi, mumkin emasdi. Ikkinchi qarorim, Toshkentda “propiska” olish hammaga… O‘zlaringiz ham sezyapsizlar, hozir Toshkentga borsangiz sizlar ham O‘zbekiston fuqarosisizlar. Nimaga poytaxtda yashashingiz mumkin emas? 10−15 yil institutda “kandidat nauk” (fan nomzodi – tahr.) bo‘lmagunimcha kvartiram ham yo‘q edi, “propiska”m ham yo‘q edi. Bitta aybim – Toshkentda tug‘ilmaganim uchun edi. Nima degani bu? Adolat emas-ku, bu”, degan edi prezident.

Prezidentning o‘zi ham “propiska”dan qiynalganini aytganidan so‘ng mo‘jiza sodir bo‘ldi desam, ishonasizmi? Amaldorlar prezidentning ta’kidi ortidan 180 gradusga o‘zgarib, “propiska” rejimini ochiq va keskin tanqid qila boshlasa deng.

Yo qudratingdan. Barcha telekanallarda “propiska” tanqid qilina boshlandi, “propiska”ni joriy qilganlarning o‘zi ham endi oldingi saflarda uni yomonlay ketdi. Bularning barini esa jamoatchilik kuzatib, kulib o‘tirardi. 2020-2021 yillarda bu tizimni bekor qilish uchun faollar mansabdorlar bilan, hatto o‘zlari saylagan deputatlar bilan ham tortishgan.

Dastavval Ichki ishlar vazirligi “propiska” so‘zini “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” deb o‘zgartirish yo‘lini tanladi. Ammo amalda uning mohiyati o‘zgarmagandi. Biroq bu ham jamoatchilikning tanqidiga sabab bo‘lgach, tizim haqida jiddiy o‘ylash boshlandi va 2025 yilning 24 yanvariga kelibgina “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan tasdiqlandi.

Bo‘lib o‘tgan majlisda “propiska” bilan bog‘liq muammolar odamlarimizda uzoq yillar norozichilik tug‘dirgani, buning oqibatida mutaxassislar o‘zlari xohlagan tashkilotda ishlash, o‘zlari istagan joyda yashash huquqini amalga oshira olmay sarson bo‘lgani, o‘zi bu qaror boshdanoq xato bo‘lgani va “propiska” tufayli odamlar ishdan haydalgani aytildi.

Ammo mas’ullarning 30 yil ichida to‘g‘rilagan bu xatosi va uning oqibatlarini unutish oson emas. Bu “propiska” muammosini boshidan kechirgan shaxslarning achchiq o‘tmishi bo‘lib qolaveradi.

“Propiska” O‘zbekistonda shunchaki yo‘q bo‘lmayapti. O‘z-o‘zidan vorisini – mahalliychilikni tashlab ketyapti. Bugun bir davlatning fuqarolari o‘rtasida Men toshkentlik, sen viloyatlik degan tushunchalar, poytaxtdagi muammolarga viloyatliklarni aybdor qilish kabi holatlar uchramoqda. Bularning hammasi “propiska” tizimining farzandidir. Ammo hatto “propiska” yillarining eng og‘ir kunlarida ham Toshkentga ishlash, yashash maqsadida kelganlarga poytaxtning jonkuyar aholisi chin dildan yordam bergan.

O‘zim ham talaba edim. Taxminan 2017-2018 yillar. Bitta kvartirada uy egasi bilan 10 qiz yashardik. Biz 4 talaba va ishlash, pul topish maqsadida kelgan ishchi qizlar, ayollar. Talaba bo‘lganimiz uchun, bizda vaqtinchalik “propiska” borligi uchun deyarli bexavotir edik. Ammo boshqa xonadoshlarimiz eshik taqillashi bilan kiyim javoni, televizor qutisi ichiga yoki balkonga yashirinishga majbur bo‘lardi. Bolalarini boqish, Toshkentda kun ko‘rish maqsadida kelgan bu ayollarning ko‘zidagi qo‘rquv, xavotirni tasvirlashning imkoni yo‘q. Deyarli har hafta uyda ichki ishlar xodimlari tintuv o‘tkazar, ko‘rpalarni yiqitib, uning ortidan noqonuniylarni izlardi. Bir kuni xodimlar hammamizni ko‘chaga haydab chiqardi. Yarim tun, biz 10 qiz ko‘chada shunchaki qolib ketdik. Ko‘rpa to‘shagimiz bilan...


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing