Prokurorlarning muhim vakolatlari sudlarga berilyapti
Jamiyat
−
07 fevral 2023 14438 2 daqiqa
O‘zbekistonda tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudga o‘tkazish kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida aytilgan.
Farmon loyihasi kecha, 6 fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Farmon loyihasiga ko‘ra, Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida qo‘yidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi:
• jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish;
So‘nggi 3 yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulklar tergovda xatlangan bo‘lib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli, keyinchalik bekor qilingan.
• jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish.
Hozirda jinoyat ishlari sudlarga faqat ayblov xulosasi bilan beriladi, natijada sudyalarda ish bilan tanishish jarayonining o‘zida ayblovga moyillik paydo bo‘ladi. Jinoyat protsessida tomonlar tengligini ta’minlash maqsadida himoyachi fikrini ham sudga kiritish belgilanadi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha tegishli qonun loyihalarining Davlat dasturida belgilangan muddatlarda ishlab chiqilib, kiritilishini ta’minlash Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov), Adliya vazirligi Akbar Toshqulov va Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga yuklangan.
Live
Barchasi