Profilaktika inspektorlari ezilib ketyapti – sobiq IIO xodimi Bobojonovga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq IIB xodimining Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yo‘llagan “Quva tumanida IIB raxbariyati tomonidan profilaktika inspektorlari huquqlari poymol qilinmoqda(mi?)” nomli videomurojaati tarqalgandi. Farg‘ona viloyati IIB mazkur murojaat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Viloyat IIB tomonidan o‘rganib chiqilgan murojaatdan aniqlanishicha, murojaatchi Nozimjon Nishonov muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab, xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etganligi uchun, salbiy sabablarga ko‘ra, 2021 yilda ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

“Shuningdek, sobiq xodim N.Nishonovning videomurojaatidagi IIO xodimlari bilan bog‘liq keltirilgan holatlar yuzasidan viloyat IIBning tegishli xizmatlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Avvalroq IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov IIO sobiq xodimi Nozimjon Nishonov tomonidan Quva tumani IIB rahbariyatining noqonuniy harakatlari bo‘yicha tarqatilayotgan vajlari o‘rnatilgan tartibda tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq hodim murojaat davomida Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Ahmadjonov profilaktika inspektorlariga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilgan. Uning aytishicha, IIB boshlig‘i o‘rinbosari shaxsiy manfaatlari yo‘lida profilaktika inspektorlari uchun kunlik 55 ming so‘mlik “o‘rta fond” joriy qilgan. Shuningdek, 100 bosh qoramol uchun qurayotgan molxonasiga kerakli qurilish materiallarini profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklagan.

Murojaatchining qayd etishicha, mayor har kuni profilaktika inspektorlariga bittadan mashinani jarima maydoniga qo‘yishni, beshtadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzishni majburiy reja qilib bergan. Bu rejani bajara olmagan profilaktika inspektorlari faqat gap eshitgan.

“Profilaktika inspektorlari ezilib ketyapti, ezilib. Dardini kimga aytishni bilmaydi”, deydi murojaatchi Nozimjon Nishonov.

Murojaatchi video so‘ngida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan mayor Ahmadjonovning harakatlariga chora ko‘rishini so‘rab, so‘zlarining isboti sifatida qo‘lida audioyozuv borligini ta’kidlab o‘tgan.

Azizbek Nahanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

494

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing