Professor-o‘qituvchi korrupsiyaga yo‘l qo‘ysa... Vazirlikning pozitsiyasi qanday?
Jamiyat
−
27 noyabr 2021
5089Korrupsion holatga yo‘l qo‘ygan professor o‘qituvchilar oliy ta’lim tizimida umuman ishlamasligi kerak. Bu haqda kecha, 26 noyabr kuni oliy ta’lim “Korrupsiyasiz soha” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov ta’kidladi.
“Professor-o‘qituvchi korrupsion holatga yo‘l qo‘ydimi, oliy ta’lim tizimida unga o‘rin yo‘q. Bu Oliy ta’lim vazirligining qat’iy pozitsiyasi. Chunki ta’lim maskani bu – kelajakni tarbiyalaydigan, vatanning kelajaklarini tayyorlaydigan joy. Hozirgi paytda professor-o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 11-13 mln atrofida. Agar shu sharoit va oyliklarda ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ysa, chidab o‘tirishimiz kerak emas. Nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘ysa, balki unga shama qilsa ham bunday shaxslar muhokama qilinib, odob-axloq komissiyasi tomonidan eng keskin choralar ko‘rilishi lozim”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2020-2021 o‘quv yili mobaynida:
• 1 ta holatda talabalar tomonidan tayyorlangan 8 ta kurs ishlari va 10 ta bitiruv malakaviy ishlarda plagiat (ko‘chirmachilik)ga yo‘l qo‘yilgan;
• 2 ta holatda oraliq nazorat imtihonlariga o‘ringa-o‘rin kirish holati aniqlangan;
• 1 ta holatda o‘tkazilayotgan tanlov jarayonlarining g‘oliblariga beriladigan pul mukofoti berilmagan;
• 1 ta holatda o‘qituvchi tomonidan talabalarga kitob sotish holati aniqlangan;
• 3 ta holatda xarid qilinayotgan asbob-uskunalar va kompyuter vositalari (132 mln. so‘mlik) bo‘yicha shartnomalar bekor qilingan;
• 1 ta holatda OTM bosh hisobchisi o‘rinbosari tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan (119 mln. so‘m);
• 1 ta holatda talabaning to‘lov-kontraktining ortiqcha qismini qaytarib olishda ta’magirlik holati aniqlangan;
• 3 ta holatda talaba tomonidan o‘zlashtirilmagan fanlardan baho qo‘ydirish evaziga pora talab qilingan;
• 1 ta holatda xodimning xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar (26 mln. so‘m) asossiz ravishda to‘lab berilgan;
• 1 ta holatda o‘qishini xorijdan ko‘chirib kelayotgan (19 nafar) talabalarni OTMga qabul qilishda ta’magirlik holati aniqlangan (181 mln. so‘m);
• 2 ta holatda baholash qaydnomalari (vedomost)dagi (17nafar) talabalarning imtihon baholarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan.
LiveBarchasi