Prezidentning Jizzax safari boshlandi
Jamiyat
−
10 fevral 2023
8767Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida bugun, 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, safar dasturidagi birinchi manzil Paxtakor tumanidagi “Paxtakor elita urug‘chiligi” fermer xo‘jaligi bo‘lgan. Xo‘jalik maydoni 100 gektar bo‘lib, shundan 80 gektarida paxta va g‘alla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan.
“Davlatimiz rahbari o‘tgan yili oktyabrda Sirdaryo viloyatida bo‘lganida dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish, fermer va ishchilarga qulaylik yaratish uchun dala uylari qurish zarurligini aytgan edi. Buning ijrosi va samarasi mazkur fermer xo‘jaligida namoyon. Dala chetiga tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar ekilgan, asalari uyalari qo‘yilgan. Yengil konstruksiyalardan dala uyi qurilgan, uning tomida quyosh panellari o‘rnatilgan.
Prezidentimiz ushbu uyni kirib ko‘rdi, fermer oilasi bilan suhbatlashdi”, deyiladi xabarda.
Qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari va paxta-to‘qimachlik klasterlari rahbarlari bilan muloqotda hosildorlikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
“Biz nimaga boyligimiz bo‘lgan yerni klasterlarga berdik? Xalqqa nafi tegishi uchun. Endi klasterlar islohotlarga munosib bo‘lib, davlat siyosatini amalga oshirishi kerak. Qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, korxonalar ochish va kasanachilik orqali o‘z hududida ishsizlikni kamaytirishi zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, Jizzax viloyatida yoshlarni dehqonchilikka jalb qilish orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta’minlash mo‘ljallangan.
“Bir paytlar 1 gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir 200 ming gektar ajratdik. Nima uchun? Odamlarga daromad manbai bo‘lishi uchun. Endi “qarsak ikki qo‘ldan chiqishi” kerak”, deydi davlat rahbari.
Fermerlarning manfaatdorligini ta’minlash, mahallalarning “o‘sish nuqtalari”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
LiveBarchasi