Prezidentning maktabgacha ta’limdan ko‘ngli to‘lmayapti

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bog‘chalardan, ayniqsa, ulardagi qamrov darajasidan ko‘ngli to‘lmayapti. Bu haqda u bugun, 5 fevral kuni o‘tkazilayotgan 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi. 

Davlat rahbari maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berdi.
  
Qayd etilishicha, islohotlar natijasida maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetdi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 27 foiz edi. Bu yil davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshiriladi.

Lekin ba’zi chekka qishloqlarda bog‘cha hali yo‘qligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bog‘cha yetarli bo‘lishiga qaramay, qamrovi o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan.

Xususiy bog‘chalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bog‘chalarida bu jarayon hali boshlanmagan. 

Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘chalarda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

Yig‘ilishda har yili bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha bor-yo‘g‘i 9 foizi malaka oshirayotganiga e’tiroz bildirildi.

Bundan tashqari, 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emas.

Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish; barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish; 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bog‘chalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing