Prezidentlarning Pokiston Bosh vaziriga bergan sovg‘alari maxfiylashtirildi
Olam
−
21 Sentabr 2021
9505Pokiston hukumati Bosh vazir Imron Xon 2018 yil avgust oyida hukumat rahbari lavozimiga kirishganidan beri xorijiy davlat rahbarlaridan olgan sovg‘alarini ommaga oshkor qilishdan bosh tortdi. Bu haqda “Doon” nashri xabar berdi.
“Bosh vazirga chet eldan keltirilgan sovg‘alar haqidagi ma’lumotlar davlat siridir, chunki Pokiston hukumati rahbarining xorijiy rahbarlar bilan sovg‘alar almashishi davlatlararo munosabatlarni aks ettiradi. Bunday ma’lumotlarning oshkor qilinishi Pokistonning xalqaro siyosatdagi manfaatlariga putur yetkazishi va davlatlararo munosabatlarga tahdid solishi mumkin”, deyilgan xabarda.
Bunday javob hukumatga 10 kun ichida Imron Xonning xorijiy davlatlardan olgan barcha sovg‘alari haqida batafsil ma’lumot berishni buyurgan Islomobod Oliy sudiga yuborilgan. Hukumat boshlig‘ining idorasi sudga bunday ma’lumotlar “maxfiy” deb tasniflanganini va ularning omma oldida paydo bo‘lishi ommaviy axborot vositalarida keraksiz shov-shuvga olib kelishi mumkinligini aytgan.
Bayonotda tushuntirilishicha, Imron Xon odatda bunday sovg‘alarni “Toshaxon” — davlat saqlash omboriga o‘tkazadi. Agar ularni o‘zida saqlamoqchi bo‘lsa, hisobidan mablag‘ ajratadi. Bosh vazir sovg‘alar uchun aynan qancha pul to‘lashi aniqlanmagan.
Islomobod Oliy sudi uning javobini o‘rganish uchun tanaffus olgan. Sudning avvalgi qaroriga ko‘ra, Imron Xon va barcha hukumat amaldorlariga beriladigan sovg‘alar haqida ommaviy ma’lumotlarning yo‘qligi keraksiz mish-mishlarning paydo bo‘lishiga yordam beradi hamda fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasida ishonchsizlik paydo bo‘ladi.
Xuddi shu fikrni Pokiston Axborot komissiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan, ular yuqori mansabdor shaxslar tomonidan sovg‘alar olish masalasi ochiq va oshkora bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, hozirda Pokiston sudlari sobiq Bosh vazirlar Asif Ali Zardariy va Navoz Sharifga, shuningdek sobiq Prezident Yusuf Rizo Giloniyga nisbatan ularning mulkida qoldirilgan qimmatbaho xorijiy sovg‘alar yuzasidan jinoiy ishlarni ko‘rib chiqmoqda.
LiveBarchasi