Prezidentlar sammitdan avval juma namozini ado etadi – OAV

Jamiyat

image

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining 8-sammiti juma namozini o‘qish bilan boshlanadi. Bu haqda Turkiyaning TRT telekanalida xabar berildi.  

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sammitda ishtirok etish uchun Istanbulga yetib kelgan. 

Sammit Istanbulning Marmara dengizi o‘rtasidagi “Demokratiya va erkinlik” orolida bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarlari tushga yaqin ushbu orolga yetib keladilar va Fatin Rushtu Zo‘rlu nomidagi masjidda juma namozini ado etadilar. 

Sobbiq Yassi orol, hozirgi Demokratiya va erkinlik oroli Turkiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Orolda 1950 yillan 1960 yilgacha mamlakatni boshqargan Prezident Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan sud qilingan. Ular 1960 yilning 27 may kuni harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, ushbu orolga olib kelingan va to 1961 yilning sentyabr oyigacha shu yerda saqlangan. 

Bosh vazir Adnan Menderesga hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish, davlat mablag‘ini o‘zlashtirish kabi moddalar bilan ayblov e’lon qilingan. Biroq, ushbu ayblovlarning birortasi o‘z isbotini topmagan. 

Sud 1961 yilning sentyabr oyida sobiq Prezident Jalol Bayarni bir umrlik qamoq jazosiga, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu va Moliya vaziri Hasan Po‘latkanni o‘lim jazosiga hukm etadi.

Bosh vazir va uning tarafdorlari sudlangan Yassi oroldagi qonli va qorong‘u tarix 2019 yil Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an tarafidan tiklandi va o‘sha vaqtda ayblanganlar nomi oqlandi. Orolga Demokratiya va mustaqillik nomi berildi. Uning har bir burchagi 1960 yilda ro‘y bergan to‘ntarish va Adnan Menderes faoliyatini yodga soladi. 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlari sammiti ham aynan ushbu orolda o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

655

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing