Prezident jamoatchilikni siyosiy barqarorlikni himoya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 27 iyun kuni nishonlanadigan Milliy birdamlik kunining 25 yilligiga bag‘ishlangan murojaatida jamoatchilikni mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni himoya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda Prezidentning Matbuot xizmati xabar bergan. 

“Davlatimiz va xalqimiz sotqinlari, g‘arazgo‘ylari, milliy hamda davlat manfaatlarini oyoq osti qilib, o‘z e’tiqodi, vijdonini chet ellik xo‘jayinlariga sotganlar haligacha o‘z g‘arazli niyat va rejalaridan voz kechgani yo‘q. 

Shuning uchun biz tinchlik, osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va milliy birlikni himoya qilishga doim tayyor bo‘lishimiz va hech qachon siyosiy hushyorlikni yo‘qotmasligimiz kerak”, deydi Tojikiston rahbari. 

U o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida “Tojikiston fuqarolar urushi girdobiga tushib qolgani, buning ortidan jamiyat va davlatning barcha sohalari fojiali inqirozga yuz tutganini” eslagan. 

Unga ko‘ra, tojik millatining yemirilishi va mamlakatning dunyo siyosiy xaritasidan yo‘qolib ketish xavfi bor edi. 

“Tinchlik bo‘yicha uzoq davom etgan muzokaralar 1997 yil 27 iyun kuni Moskva shahrida muhim hujjat – Tojikistonda tinchlik va milliy totuvlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi Bosh kelishuv imzolanishi bilan yakunlandi”, deb eslagan Imomali Rahmon.

Mamlakat Prezidenti lavozimini 28 yildan buyon egallab kelayotgan Rahmonning qayd etishicha, Tojikiston tinchlikparvarlik va milliy birdamlikni ta’minlash tajribasi nafaqat tojik millatini qutqarish omiliga aylangan, balki jahon hamjamiyati hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan mojaro va qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda ibratli tarixiy saboq, o‘ziga xos tajriba sifatida e’tirof etilgan.

“Tinchlik va osoyishtalikning ahamiyati zamonaviy sharoitda, ayniqsa, so‘nggi yillarda, insoniyat o‘ta og‘ir muammolarga duch kelayotganida tobora ortib bormoqda.

Global iqlim o‘zgarishining dahshatli oqibatlari, jumladan, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, oziq-ovqat taqchilligi, dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va yuqumli kasalliklar tarqalishi, xavfsizlik muammolari bilan bir qatorda, terrorizm, ekstremizm kabi zamonaviy tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada kengayishi, diniy radikalizm, qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar savdosi, kiberjinoyat va boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlar inson hayotini juda xaotik va chidab bo‘lmas holga keltirdi”, deydi Imomali Rahmon. 

Prezident Tojikiston xalqini “jahon hamjamiyatidagi shunday nozik sharoitda” tinchlik, osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va milliy birlikning ahamiyatini anglab yetishga, bu bebaho ne’matlarni eng katta yutug‘i qatorida himoya qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing