Prezident yangi tumanga 2 trln ajratilishini aytdi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 aprel kuni viloyatga qilgan tashrifida so‘z yuritdi. 

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, dastlab Shavkat Mirziyoyev yangi tumanda ishga tushirilgan “Chiroqchi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasiga borgan. Uning binosi yengil konstruksiyalardan qurilgan. 500 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, xotin-qizlar bilan suhbatlashgan.

“Ko‘ryapsizlar, ayollar bo‘yicha qancha qarorlar qabul qilyapmiz, tashkiliy choralar ko‘ryapmiz. Buning zamiridagi maqsad — sizlarning quvonchingizni ko‘rish. Bir ayolni, bir qizimni ish bilan ta’minlasak, uning kayfiyati butun xonadonga ta’sir qiladi, farzandlarini yaxshi o‘qitadi. Bugun ham ko‘p rejalar, imkoniyatlar bilan keldik. O‘zbekistonda orzular amalga oshadigan zamon qurishga harakat qilyapmiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Xabarga ko‘ra, korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi “Samo” brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.

Ma’lumki, Yettitom shaharchasi Ko‘kdala tumanining ma’muriy markazi etib belgilangan. Endi bu yerda infratuzilmani rivojlantirish zarur. Prezident ushbu shaharchani batafsil rejalashtirish loyihasi bilan tanishgan.

“Tuman hududi 171 ming gektar bo‘lib, 32 ta mahalladan iborat. Loyihaga ko‘ra, Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etiladi. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suvi, 80 kilometr elektr tarmoqlari quriladi”, deyiladi xabarda.

Prezident yangi binolarni energiya tejamkor qilib qurish, uylar tepasiga quyosh energiyasi panellari o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan. Ko‘kdalada 500-1000 megavattlik quyosh elektr stansiyalari va quyosh panellari korxonasini barpo etish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan.

Shu yerda aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Aholi ilgari Chiroqchi tumani markazigacha 2-3 soatlab yo‘l yurilgani, bu ko‘p qiyinchilik va xarajatlar tug‘dirganini so‘zlab bergan.

“Ko‘kdala tumanini tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdir”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrif chog‘ida, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi ta’kidlangan. Bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish uchun qariyb 2 trillion so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi. Joriy yilda 260 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

152

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing