Prezident yangi kutubxona va shifoxonalar loyihalari bilan tanishdi

Jamiyat

image

Kecha, 26 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Avval xabar berilganidek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida zamonaviy kutubxona barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning dastlabki tarxi bir oy avval taqdimot qilingan, bugungi kunda davlat rahbarining tavsiyalari asosida takomillashtirilgan.

Masalan, kutubxona binosining tashqi ko‘rinishi mamlakatdagi qadimiy obidalarga uyg‘un tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jihatlar inobatga olingan.

Taqdimotda kutubxona loyihasi batafsil ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbariga onkologiya va gematologiya shifoxonalarini tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot  berildi.

Ma’lumki, shu yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga muvofiq, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi inshoot qurish belgilangan.

Shu maqsadda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, bu borada Koreya Respublikasining “Daedong Medical Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 50 dan ortiq konsalting korxonalarini o‘z ichiga olgan ushbu kompaniya Koreya va xorijiy mamlakatlarda 600 dan ortiq muassasalar qurilishida ishtirok etgan.

Prezident qarori asosida gematologiyani rivojlantirish borasida ham sifat o‘zgarishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi alohida markaz sifatida ajratilib, kelgusi yildan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan mustaqil tarzda faoliyat yuritadi. Bu ikki markaz Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy ko‘chasida yangi qurilgan zamonaviy binolarga joylashtiriladi.

1

Taqdimotda ushbu markazlarni yangi binolarga ko‘chirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qayd etib o‘tildi. Bugungi kunda har ikkala markazdagi barcha xonalar zarur uskuna va mebel bilan jihozlangan. Har bir o‘rin kislorod nuqtalari bilan ta’minlangan. Kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan ambulator poliklinika va statsionar bo‘limlar tashkil etilgan. Optik tolali internet asosida ishlovchi elektron shifoxona dasturi joriy etilmoqda.

Shuningdek, bu yerda bakteriologik, virusologik laboratoriyalar va vivariy uchun binolar qurilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi farmoniga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida Termiz xalqaro savdo markazi tashkil etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida uning bosh rejasini ko‘zdan kechirgan edi.

Umumiy qiymati 75 million dollar bo‘lgan ushbu markaz ulkan va ko‘p tarmoqli bo‘ladi. U yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, qariyb 1 million tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi va omborxonalar, 1 ming 600 kvadrat metrlik ekspo markaz, shuningdek, ikkita mehmonxona, xostel, shifoxona, avtomobil ustaxonalari va boshqa ob’ektlar barpo etiladi.

Markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalari joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro savdo markazida maxsus soliq va bojxona rejimi, 10 kungacha vizasiz tartib, “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada ishlab chiqarish ham, savdo ham rivojlanadi. Markazning yillik savdo aylanmasi 500 million dollar, eksport quvvati 200 million dollar bo‘lishi mo‘ljallangan. Bu yerda jami 5 ming 600 dan ziyod ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Tadbirda Toshkent shahrida davlat ob’ektlaridan samarali foydalanish, Namangan viloyatida yo‘l bo‘ylarida savdo va xizmat shoxobchalari tashkil etish borasidagi rejalar ham muhokama qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

33

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing