Prezident yangi qonunni imzoladi: Yer munosabatlarida hokimlar vakolatlari qisqardi
Jamiyat
−
17 avgust 2021
9286O‘zbekiston Prezidenti “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari Kengashi hujjatlari ustidan sudga shikoyat qilish va prokuror protest keltirishi mumkinligi belgilandi.
Sug‘oriladigan yerni qurilish qilib o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik (2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) o‘rnatildi.
Sug‘oriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o‘zgaga berish uchun javobgarlik belgilandi. Unga ko‘ra, ushbu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, qonun bilan yerga oid qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi.
Yer kodeksida viloyat hokimlarining qishloq xo‘jalik ehtiyojlari hamda boshqa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga yer berish vakolati bekor qilinib, hokimlar faqat yerni ijaraga berish bo‘yicha tanlov yakunlarini tasdiqlashi mumkin.
Viloyat hokimlarining yerga oid qaror loyihalari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart.
Tuman hokimlarining yerni ijaraga berish huquqi cheklanib, quyidagi yerlarni ijaraga berish shartnomasi tuman hokimligi bilan tuziladi:
• Hukumat tomonidan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga, agrosanoat klasterlariga, investorlarga berilgan yerlar;
• viloyat hokimining elektron tanlov natijalarini tasdiqlashga oid qarori asosida ajratilgan yerlar;
• elektron auksion asosida berilgan yerlar;
• xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga Hukumat tomonidan ajratilgan yerlar.
LiveBarchasi