Prezident yangi qonunni imzoladi
Jamiyat
−
08 avgust 2022
25170Bugun, 8 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun 10 ta bob, 64 ta moddadan iborat. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan.
U O‘zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.
Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.
Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun joriy yilning 28 may kuni Oliy Majlis Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisida ma’qullangan edi. Qonun normalari faqatgina davlat reyestriga kiritiladigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat xizmati sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari yaratiladi. Davlat xizmatchilarining toifasi, maqomi, malaka darajasi, ularga qo‘shimcha haq to‘lash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda ularning mas’uliyatini ham yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
LiveBarchasi