Prezident: “O‘zbekiston Qozog‘istonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyor”
Jamiyat
−
05 may 2020
6391O‘zbekiston Sardoba suv ombori yorilishidan zarar ko‘rgan Qozog‘istonga kerakli yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari videoselektor yig‘ilishi vaqtida ma’lum qildi.
“Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh bo‘lgan yon qo‘shnimiz – Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi.
Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda bo‘lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo‘lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelganmiz.
Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.
Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.
Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq, Sirdaryoda yuz bergan favqulodda hodisada 4 nafar fuqaro halok o‘lgani va bir kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi