Prezident o‘z tashabbusi bilan qurilgan markazga bordi
Jamiyat
−
12 may 2022
8220Bugun, 12 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida bunyod etilayotgan Yengil sanoat va logistika markaziga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu majmua Prezident tashabbusi bilan qurilgan. Uchko‘prikda tikuvchi ayollar, oilaviy korxona tashkil etgan, mahalladoshlarini ishli qilgan tadbirkorlar ko‘p. Lekin ular moslashtirilgan sharoitlarda ishlar, bu biznesni kengaytirishga halal berar edi.
“Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida tadbirkor ayollar bilan suhbatlashib, ular uchun zamonaviy majmua qurilishiga va’da bergan edi. Shu asosida, 2021 yil 27 may kuni “Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 15 gektar yer ajratilib, ko‘p qavatli bino barpo etilmoqda. Bu yerda 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta savdo rastasi bo‘ladi. Shuningdek, 2 ta logistika markazi tashkil etiladi. Natijada Boboshbek, Bekmurod, Zig‘ir, Paloxon va Yakkamulla kabi mahallalardagi yuzlab tadbirkorlarga zamonaviy qulaylik yaratiladi.
Masalan, birgina Boboshbek mahallasida 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ular tayyorlayotgan mahsulotlar Qo‘qon bozori orqali qo‘shni mamlakatlargacha yetib bormoqda. Endi zamonaviy sharoitlar samarasida bu ko‘lam yanada kengayadi.
Prezident bu yerda ish boshlagan tikuvchilik korxonalari faoliyati bilan tanishdi, tadbirkorlar va xaridorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Majmuada yiliga 876 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik eksport qilinishi mo‘ljallangan. Jami 7 ming 700 dan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishi mumkin.
Qo‘shtepa tumanida ham yana bir to‘qimachilik korxonasi qurilmoqda. “Global textile infinity” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan bu fabrika yiliga 18 million metr yuqori sifatli mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Davlat rahbari to‘qimachilikda qayta ishlash darajasini va mahsulotlar oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Bugun bozor beshafqat. Bu raqobatga munosib bo‘lish uchun tadbirkorning kamida besh yillik mo‘ljali, sifat kafolati, tannarxda o‘zining rezervi bo‘lishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi