Prezident uchinchi Renessans atamasiga aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2020
39132So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda uchinchi Renessans atamasi kun tartibiga chiqqan. Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi? Mamlakatda birinchi va ikkinchi Renessans qachon bo‘lgandi? Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bunga aniqlik kiritdi.
“Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak.
Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari so‘zi davom etarkan, buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan so‘zlarini keltiradi.
“Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadim. Hammangizga yaxshi ma’lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash’alasi to‘qqizinchi – o‘n ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi.
“Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz g‘ururi hisoblanadi.
O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.
Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”, deydi Prezident.