Prezident Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo bo‘lish haqidagi qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 14 sentyabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi. 

Mazkur Qonun o‘tgan hafta o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida tasdiqlangan edi.

Bugungacha 4 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanalar edi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.

Tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2018 yilning 29-30 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lish va sentyabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida o‘tadigan navbatdagi sammitda ishtirok etishni taklif qilgan edi. 

O‘zbekiston tashkilot sammitida ishtirok etdi va kelgusi sammitga mezbonlik qilish mas’uliyatini oldi.

Ma’lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing