Prezident Transport vazirini tanqid qildi
Jamiyat
−
16 iyun 19052 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Transport vaziri Ilhom Mahkamov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Zufar Narzullayevning ayrim vazifalarga loqaydligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda u bugun, 16 iyun kuni amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Prezident vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi. Ma’lum qilinishicha, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor. Ayrim tuman tashkilotlari oddiy-oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak.
Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan “shlagbaum” 200 metr nariga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi. Lekin, bunga na tuman, na viloyat hokimini vakolati bor. “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan ruxsat olish kerak.
Yoki, “Termiz-Sariosiyo” temiryo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda borayapti. Shu bois, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.
Qayd etilishicha, tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin Transport vaziri Ilhom Mahkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Zufar Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, suv va kanalizatsiya xizmatidan tushgan mablag‘ning 10 foizi tumanlarda qolayotgani, lekin shunga qaramay zarur materiallar tayyor turmagani uchun 2-3 soatda hal bo‘ladigan avariyalar 4-5 kunga cho‘zilayotgani qayd etildi. Qachon avariya bo‘lsa, keyin material sotib olinayotgani tanqid qilindi.
“Tuman tashkilotlari o‘zini “nazoratchi” deb biladi, aholi og‘irini yengil qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘q!” dedi Prezident.
Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani karantin bo‘limida 8 nafar inspektor faqat kamchilik bo‘yicha ko‘rsatma, eksportga sertifikat berish bilan shug‘ullanishi, fumigatsiya xizmatini ko‘rsatmasligi aytildi. Ekologiya bo‘limi ham faqat daraxt kesishni nazorat qilishi, lekin “Yashil makon” doirasida qayerga qanday ko‘chat ekish, moliyaviy manbasi bo‘yicha taklif bermasligi tanqid qilindi.
Live
Barchasi