Prezident transport xarajatlarining yuqoriligini tanqid qildi
Jamiyat
−
26 aprel 2022
8276O‘zbekistonda transport xarajatlarining yuqoriligi xorijiy turistlarni jalb qilishda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu haqda bugun, 26 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm ob’ektlarini ko‘paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z yuritdi.
Mirziyoyevga ko‘ra, sifatli transport-logistika xizmatlari yo‘lga qo‘yilmasa, turizmni rivojlantirib bo‘lmaydi. Transport xarajatlarining yuqoriligi esa xorijiy turistlarni jalb qilishda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Yig‘ilishda haligacha xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda loukosterlar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilmagani, zamonaviy “Afrosiyob” poyezdiga chipta olish uchun bir necha hafta oldin murojaat qilish zarurligi tanqid qilindi.
Shu bois Transport vazirligiga bir oy muddatda:
• Farg‘ona-Buxoro-Farg‘ona, Farg‘ona-Urganch-Farg‘ona yo‘nalishida aviaqatnovlarni;
• Buxoro-Samarqand, Buxoro-Xiva, Buxoro-Termiz yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” bir oy muddatda “Afrosiyob” tez yurar poyezdini Shahrisabzgacha harakatini qayta tiklaydi. Mutasaddilar 1 sentyabrga qadar har kuni 2 mingdan ziyod sayyohlarga tarixiy maskanlarni aylanib chiqish imkonini beradigan 2 qavatli muntazam turistik avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda xorijiy va ichki sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan:
• 1 iyuldan “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi;
• yil yakunigacha mahalliy aviaqatnovlar soni haftasiga 48 tadan 60 taga, tutashuvchi qatnovlar soni 4 tadan 6 taga yetkaziladi;
• 1 oktyabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi “Silk avia” aviakompaniyasi tashkil etiladi;
• aviatashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi (bunda tariflar 20 foizga arzonlashadi).
Turizm va Transport vazirliklariga bir oy muddatda turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash konsepsiyasini taqdimot qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
LiveBarchasi