Prezident Toshkent, Surxondaryo, Farg‘ona hokimlariga oxirgi ogohlantirishni berdi
Jamiyat
−
05 aprel 2022 20105 2 daqiqa
O‘zbekiston bo‘yicha 1 ming 526 ta maktab bolalar tarbiyasi, davomat, ma’naviy muhit bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi 69 ta, Surxondaryoda 169 ta, Qoraqalpog‘istonda 128 ta, Sirdaryoda 54 ta, Farg‘onada 162 ta, Toshkent viloyatidagi 147 ta maktabda muhit qoniqarsiz deb topilgan.
“Bu tuman va shahar hokimlari maktab masalalari ichiga umuman kirmaganligidan dalolat. Yanvarda o‘tgan selektordan keyin ham ular o‘ziga xulosa qilmagan. Ushbu viloyat, tuman va shahar hokimlarini oxirgi marta ogohlantiraman. Agar uch oyda o‘zgarish bo‘lmasa, jiddiy chora ko‘riladi. Bugungi kunda maktabning eng katta muammosi – o‘qitish metodikasining mutlaqo eskirganligi. Afsuski, maktab ta’limi eski qolipdan chiqa olmayapti”, deydi davlat rahbari.
Prezident sohadagi ishlar ahvoli qoniqarsizligi uchun viloyat va tuman hokimlarini keskin tanqid qildi. Jumladan, ikki oyda barcha hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida respublikadagi 852 ta maktabda ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi aniqlangan.
Bu borada eng og‘ir ahvol Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Mirziyoyevga ko‘ra, hamma viloyatlarda Prezident maktablari ochildi, ularda zamonaviy ilg‘or metodikalar asosida ta’lim berilmoqda. Xususiy maktablarda ham bunday ilg‘or metodikalar joriy qilinyapti.
“Savol tug‘iladi, qaysi hokim o‘z maktablarida ushbu ilg‘or metodikalarni joriy qilish bo‘yicha ishlayapti? Afsuski, hozircha bunday tashabbuslar yo‘q!”, deydi Prezident.
Ta’kidlanishicha, respublika bo‘yicha ayni paytda 120 ta maktab yuqori koeffitsiyentda ishlamoqda. Bundan tashqari, ko‘plab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo bugungi kun talabiga javob bermaydi.
Shuningdek, maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi. Olis va chekka hududlardagi hamda “og‘ir” sharoitdagi maktablarda ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr