Prezident yangi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 avgust kuni joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar natijasida yoshlar va ularning ota-onalarida o‘qishga ishonch ortdi. Hujjat topshirish to‘liq masofaviy shaklda amalga oshirilgani aholiga katta qulaylik yaratmoqda.

Joriy yilda mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364, magistraturaga 10 425 o‘rin ajratilgan.

Bu yil 91 ta OTMga bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 1 million 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 39 foiz ko‘p. Bitta o‘ringa 10,6 ta talabgor to‘g‘ri kelmoqda.

Magistratura yo‘nalishida 72 ta ta’lim dargohiga 78 ming 720 nafar yoki o‘tgan yilgiga nisbatan 3 barobar ko‘p hujjat topshirilgan. Umuman, qabul kvotalari 2016 yilgiga nisbatan 3 marotaba ortgan.

Bugungi kunda o‘qishga qabul qilish testlari qachon, qayerda va qanday tartibda o‘tkazilishi hamda 2020/2021 o‘quv yilida ta’lim jarayoni qanday tashkil etilishi barchani o‘ylantirmoqda. Bunga sabab, tabiiyki, turmush tarzimizni o‘zgartirib yuborgan koronavirus pandemiyasi.

Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun taqdimot chog‘ida ushbu omilni hisobga olgan holda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, test imtihonlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradigan joyda o‘tkazish kerakligi qayd etildi.

Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etishga topshiriq berildi. Bunda imtihonlar kuniga 2 marta (havo salqin paytda) o‘tkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga stadionlarni test sinovlariga puxta tayyorlash, ularning dislokatsiyasi bo‘yicha abituriyentlarni to‘liq xabardor qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlat rahbari imtihonlarning sanasini Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilash, aholi salomatligiga xavfsizligini ta’minlash lozimligini ta’kidladi.

Test sinovlarini shaffof holda o‘tkazish uchun, yoshlarni ortiqcha sarson qilmaslik maqsadida Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan zarur choralar ko‘riladi.

Ta’lim jarayonini sifatli o‘quv resurslari bilan boyitish uchun salohiyatli professor-o‘qituvchilarni jalb etish muhimligi qayd etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 25 avgustgacha barcha 7 ming 200 dan ziyod fan bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning raqamli uslubiy ta’minotini va masofaviy ta’limga moslashtirilgan o‘quv dasturlarini yaratishi belgilandi.

Kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun o‘qish kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

"Taraqqiy etgan davlatlar tajribasi ta’lim dargohlarini zamon talablariga moslashtirmasdan ilmiy va texnologik yutuqlarga erishish qiyin bo‘lishini ko‘rsatmoqda", dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shu sababdan joriy yilda nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonning kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasi transformatsiya qilinadi. Bunda asosan tuzilma va o‘qitish texnologiyalari takomillashtiriladi, natijada ular zamonaviy ta’lim beradigan va innovatsiyalarni joriy qiladigan ilmiy dargohga aylantiriladi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari rektorlar bilan muloqotda bo‘lib, ular aytgan muammolarni hal etish va takliflarini amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

719

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing