Prezident topshirig‘i bilan Dilnoza Rajabovaga polkovnik unvoni berildi (video)
Jamiyat
−
19:45 3723 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Ichki ishlar vazirligi tizimida qariyb 20 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan Dilnoza Rajabovaga polkovnik maxsus unvoni berildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.
Dilnoza Rajabova Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati yetakchi mutaxassisi bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. Uning faoliyatida yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti, aholiga qoidalarni tushunarli yetkazish va yoshlarda xavfsiz harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish muhim o‘rin tutadi.
Xususan, Rajabova O‘zbekiston o‘quvchi yoshlaridan iborat yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibotchilari guruhini tarbiyalab, 2024 yilda Qirg‘iziston hamda 2025 yilda Tojikistonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda faxrli II o‘rinlarni, 2026 yilning avgust oyida esa Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Yosh yo‘l harakati inspektorlari” xalqaro musobaqasida I o‘rinni egallashga erishgan.
Bildirilishicha, ko‘p yillik samarali xizmati, erishgan natijalari va xizmat vazifalariga mas’uliyatli yondashuvi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Dilnoza Rajabova rag‘batlantirilgan hamda unga polkovnik maxsus unvoni berilgan.
Ichki ishlar vaziri boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda unga mazkur unvon tantanali ravishda topshirilgan.
“Polkovnik Dilnoza Rajabovaning faoliyati, xususan, yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti va bolalar o‘rtasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga qo‘shayotgan hissasi ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning kasbiy faoliyatiga munosib misoldir”, deyiladi vazirlik axborotnomasida.
Live
Barchasi