Prezident Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik ahvolini tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Qayd etilganidek, keyingi yillarda bu borada ham juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Sohani boshqarishni takomillashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etildi. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini o‘tkazish tizimi joriy etildi. 

Besh tashabbus hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida sport ob’ektlari ishga tushirilib, yoshlar sportga faol jalb etilmoqda. Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi bo‘lgan 204 nafar sportchi tuman va shaharlarga biriktirildi, ayrimlarining sport maktablari ochildi.

Yurtimiz vakillari o‘tgan yilgi Osiyo o‘yinlarida jami 70 ta, jumladan, 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagan edi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida esa xalqaro musobaqalarda jami 442 ta, jumladan 145 ta oltin, 134 ta kumush va 163 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.

Yig‘ilishda bundan keyingi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun joylarda zarur sharoit yaratish masalalari muhokama etildi.

2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ahvoli qoniqarli emasligi, qator sport federatsiyalari va hokimliklar yuqori natijalarni ta’minlaydigan sportchilarga sharoit yaratishga yetarlicha e’tibor bermayotgani tanqid qilindi.  

Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga saralab olingan sportchilarning yaqin oylarda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda yuqori o‘rin egallab, Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritishlari uchun yanada keng shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Albatta, moddiy-texnik baza muhim. Lekin natijani iqtidorli sportchi ta’minlaydi. Bunday yoshlarni topish uchun esa kuchli seleksiya tizimi zarur. 

Ammo joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi hozircha talabga javob bermaydi. Misol uchun, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi 131 ta shahar va tumanda joriy yilgi musobaqalarni moliyalashtirishga mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilmagan. Yoki respublika miqyosida o‘tkazilgan 230 ta musobaqada ayrim shahar va viloyat jamoalari umuman ishtirok etmagan. Bu milliy terma jamoalar tarkibiga mahoratli sportchilarni saralab olishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois yig‘ilishda har bir hududdagi sport muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, seleksiya va iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi. 

Ma’lumki, sportchilarning tez tiklanib olishlari uchun farmakologik ko‘mak zarur. Lekin, yurtimizda sport farmakologiyasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, yangi dori vositalarini yaratish yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Bu sohada malakali mutaxassislar ham yo‘q. Ko‘pchilik atletlar doping bo‘lmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligini bilmaydi.

Sport federatsiyalarining birortasida ham terma jamoa a’zolarining musobaqaga tayyorgarligi va tiklanish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha kompleks laboratoriya mavjud emas.

Shulardan kelib chiqib, tegishli vazirliklarga sport farmakologiyasini rivojlantirish, sport federatsiyalarida ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Xorijiy davlatlar tajribasi asosida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yagona markaz barpo etish taklifi ilgari surildi.

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda Respublika sport tibbiyoti markazi faoliyatini takomillashtirish, bu boradagi o‘quv dasturlari va metodologiyani yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Videselektorda aholini, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Bunda, avvalo, umumta’lim maktablaridagi sharoit, muhit katta o‘rin tutadi. Lekin maktablarda o‘quvchilar jamoaviy sport o‘yinlariga to‘liq jalb etilmayapti. 2 mingdan ziyod maktabda sport zallari yo‘q, 3 mingdan ortig‘ida esa ta’mirtalab.

Sportga ixtisoslashgan maktab-internatlarda ham kamchiliklar bor. Masalan, Tayloq, Jizzax, Buxoro, Uchqo‘rg‘on, Denov tumanlari, Namangan, Qarshi va Andijon shaharlaridagi shunday maktablarda sport zali, yotoqxona, o‘quv binolari yetishmaydi. 

Bolalar-o‘smirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari trenerlarining oylik ish haqi umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga nisbatan deyarli 2 barobar past. O‘z navbatida, trenerlarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega, 2 mingdan ortiq oliy ma’lumotli murabbiylarga ehtiyoj mavjud.

Oliy ta’lim muassasalaridagi sport inshootlari talabalarning qariyb 50 foizini qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, amalda 21 foiz talaba-yoshlar sport tadbirlariga qatnashmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimiz bo‘yicha 12 mingdan ortiq sport inshooti mavjud bo‘lsa, ularning bir kunlik quvvati qariyb 1,5 million kishini tashkil etadi. Ya’ni, aholiga nisbatan sport inshootlari bilan ta’minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi. Xususan, bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 3,4 foiz, Surxondaryo viloyatida 3,5, Andijon viloyatida 3,7 foizdir.

Bunday ahvolda sportni qanday qilib ommalashtirish mumkin, deya savol qo‘ydi Prezident. 

Yig‘ilishda shu kabi muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.

Umumta’lim muassasalarida sport ob’ektlari qurish va ta’mirlash, ularni zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash, ixtisoslashgan maktab-internatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari belgilandi.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalari va jismoniy tarbiya fanidan olimpiada tashkil qilib, ularda g‘olib bo‘lganlarni shu yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilish hamda ularga sport toifasi berish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bunday yoshlarni tayyorlagan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari ish haqiga qo‘shimcha ustama, yuqori toifa va unvonlar berish taklif etildi. 

Soha uchun kadrlar tayyorlash qamrovini kengaytirish, intensiv malaka oshirish platformasini yo‘lga qo‘yish, murabbiylarga talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Oliy ta’lim muassasalarini, imkoniyati va xususiyatidan kelib chiqqan holda, ma’lum bir sport turlariga ixtisoslashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish barobarida sport federatsiyalari bilan hamkorlik orqali professional sportga mahoratli yoshlarni saralash imkonini beradi.

Mutasaddilarga oliy ta’lim muassasalari va tuman (shahar)larni aniq sport turlariga ixtisoslashtirish, yuqori sport natijalariga erishgan yoshlarni va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari va hokimlar axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing