Prezident tez tibbiy yordamdagi muammolarni yechishni hokimlarga yukladi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, raqamlashtirilgan, lekin hududlarda bu ishlar boshlanmagan. Bu haqda bugun, 5 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash hamda uni aholiga yanada yaqinlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigatsiya jihozlarining yo‘qligi, 10 mingta ko‘chalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmagani uchun tez yordam brigadalarining asosiy vaqti manzilni topishga sarflanmoqda.

Shu bilan birga, tuman darajasida shoshilinch tibbiy yordam tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, tuman shifoxonasida terapiya, pediatriya va xirurgiya yo‘nalishida ham rejali, ham shoshilinch bo‘limlar mavjud va ular bir-birini takrorlaydi. Buning natijasida shoshilinch operatsiyani bir bo‘limda, uning kelgusidagi davolanishi boshqa bo‘limda o‘tkazilmoqda. Oqibatda bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora”, deydi Prezident. 

Shu munosabat bilan barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga bu masalani ichiga shaxsan kirib, ushbu samarasiz amaliyotdan to‘liq voz kechish choralarini ko‘rish topshirildi.

Tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Qorasuv-1” mavzesida “o‘tkir bosh-miya jarohati” olgan bemorni, tez yordam brigadasi yo‘lidagi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur. 

Shu kabi, Farg‘ona tumani Mindonobod qishlog‘ida viloyat Kardiologiya markazi bo‘lsada, ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 kilometr yo‘l bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi.

Shu bois, tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan va barcha hokimlarga yetkazilgan. 

“Lekin, aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari bu masalaning mazmun-mohiyatini hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing