Prezident tergov va jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoqlar haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi tergov va jazoni ijro etish muassasalarida gumonlanuvchi va jazoga mahkum etilganlar ustidan sodir etilayotgan qiynoq va tazyiqlar mamlakatning xalqaro obro‘yiga putur yetkazmoqda. Shu bois Oliy Majlis palatalari bu boradagi ishni faollashtirishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida aytib o‘tdi. 

Prezidentga ko‘ra, tezkor qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarur. 

“Ushbu holatlar hali ham uchrab turgani, fuqarolarning jiddiy e’tirozini keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ayni haqiqat”, deydi Mirziyoyev. 

Murojaatnomada Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan ikki oy muddatda o‘z takliflarini ishlab chiqishi kerakligi belgilandi. Bunda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga monitoring tashriflari tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozimligi aytildi.  

“Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma’ruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilashi lozim”, deydi Prezident. 

Ma’lumot o‘rnida, yanvar-sentyabr oylari davomida prokuratura organlariga huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida jami 2 323 ta ariza va xabarlar kelib tushgan. Shundan 242 tasi, ya’ni 10 foizdan ko‘prog‘i qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar qilingani haqidagi murojaatlarni tashkil qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing