Prezident tavsiya qilgan yoshlar yetakchisi Namangan shahar hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi
Jamiyat
−
18 mart 2021
5195O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-19 fevral kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ilgari surilgan “Mahalla raisi – islohotchi” tashabbusini amalga oshirish borasida e’tiborga molik takliflarini bildirgan viloyat ichki ishlar boshqarmasining yoshlar yetakchisi Dostonbek Abduqahhorovni Namangan shahar hokimining o‘rinbosari lavozimiga tayinlashni tavsiya etgan edi.
Namangan shahar hokimining qarori bilan Dostonbek Ma’rufjon o‘g‘li Abduqahhorov Namangan shahar hokimining o‘rinbosari – shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ma’lumot uchun, Dostonbek Abduqahhorov 1990 yil 12 avgust kuni Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2014 yili Namangan davlat universitetining “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2015 yilda Ichki ishlar vazirligi tizimida patrul-post xizmati militsioneri sifatida boshlagan.
2018-2019 yillarda viloyat IIB tashkiliy boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash bo‘limi katta inspektori vazifasida ish olib borgan.
Dostonbek Abduqahhorov 2019 yil avgust oyidan buyon hozirga qadar Namangan viloyati IIB kadrlar boshqarmasi ma’naviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya bo‘limi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
LiveBarchasi