Prezident sovutgich ishlab chiqaradigan zavodni ishga tushirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili iyunda Yashnobod tumanidagi Texnoparkda rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishgan, bu yil fevralda elektron gaz hisoblagich korxonasi ishga tushirilgan edi.

29 avgust kuni bu yerda ikkinchi istiqbolli loyiha – maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish zavodi foydalanishga topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, korxonani ochdi.

Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Umumiy qiymati 51,5 million AQSH dollari bo‘lgan korxonada Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi texnologiyasi o‘rnatilgan. Uskunalarni montaj qilish va loyihani ishga tushirishga ham koreyalik mutaxassislar jalb qilingan.

Ma’lumki, mamlakatda shu paytgacha ham sovutgichlar ishlab chiqarilardi. Farqi shundaki, bu korxonaniki yuqori texnologik, yangi avlod mahsulotidir. Shunga yarasha ularning sifati yuqori, sig‘imi ham katta.

"Sobiq aviatsiya zavodi to‘xtab, qarovsiz qolib ketgan edi. Keyingi yillarda undan foydalanish bo‘yicha ko‘rgan choralarimiz asta-sekin o‘z natijasini berayapti. Bulardan maqsadimiz – odamlarni ishli qilib, oylik berish, raqobatbardosh mahsulot chiqarib, eksport qilish", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxonada ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgani natijasida har 19 sekundda bitta mahsulot tayyorlash mumkin. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bu sovutgichlarning 30 foizini eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu yerda 1500 ta ish o‘rni yaratilgan.

Davlat rahbari jamoatchilik faollari bilan muloqotda sanoatni mahalliylashtirish masalalari haqida gapirdi. Xususan, 2016 yil yakunida 100 ming tonna atrofida mis ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil oxirida 150 ming tonnaga yetkazilishi ta’kidlandi. Kelgusida 400 ming tonna reja qilingan. Ma’lumki, mis sanoat mahsulotlari tayyorlashda keng qo‘llaniladi. Uni qazib chiqarish hajmi ko‘payishi import o‘rnini bosib, mamlakat mahsulotlarining dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.

Mazkur texnopark 2019 yil avgustda tashkil etilgan. Bu yerda 2020-2021 yillarda 15 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Barcha loyihalar bajarilgandan keyin jami ishlab chiqarish hajmi yiliga 800 million AQSH dollari bo‘lishi mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

253

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing