Andijon viloyat hokimligi izohi: “ehtirosli jihatlar bo‘rttirib ko‘rsatildi”

Jamiyat

image

Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati Sh.Abdurahmonovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audiomateriali bo‘yicha izoh berdi. 

"Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan Andijon viloyatiga oid maqolalar ko‘plab muhokamalar, mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. 

Jumladan, hududda tashkil etilgan dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari tibbiyot muassasalariga monopol tarzda  o‘tkazilayotganligi bildirilmoqda. Bu xususda quyidagilarni aytish mumkin: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5229-sonli Farmoniga ko‘ra aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan dorilar, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan edi.

Farmon ijrosi doirasida 2018 yilning aprel oyida “GOLD GROWN PHARMA” MCHJ tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiritilgan tibbiyot qo‘lqoplari (perchatka) ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etildi va 150 ta yangi ish o‘rini yaratilib, mahalliy byudjetga oyma-oy 75 mln. so‘mgacha soliq to‘lovlari amalga oshirilyapti.  

Shuningdek, 2018 yil dekabr oyida “MAKRO FARM ANDIJAN” MCHJ tomonidan shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. 110 ta yangi ish o‘rini yaratildi. Har oyda mahalliy byudjetga 60 mln. so‘mgacha soliq to‘lovlari kelib tushmoqda. 

Ushbu korxonalarda har yili 24 mln. dona nosteril va 54 mln. juft steril xirurgik tibbiy qo‘lqoplar hamda 136 mln. dona shpritslar ishlab chiqariladi. Narx masalasiga kelsak, bugungi kunda davlat tibbiyot muassasalariga 2 ml. hajmdagi shprits 260-300 so‘mdan, 5 ml. shprits 280-500 so‘mdan, 10 ml. shprits 320-600 so‘mdan xarid qilinmoqda. Respublika komissiyasi tomonidan ulgurji sotish narxlari bir dona nosteril rezina qo‘lqoplari uchun 650 so‘m va bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari uchun 2500 so‘m etib belgilangan.

Hozirda, “MAKRO FARM ANDIJAN” MCHJ tomonidan 2 ml. hajmdagi shprits 220 so‘mdan, 5 ml. shprits 245 so‘mdan, 10 ml. shprits 310 so‘mdan, “GOLD GROWN PHARMA” MCHJ tomonidan nosteril rezina qo‘lqoplari 500 so‘mdan, bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari 1800 so‘mdan davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berilmoqda.

2019 yil davomida Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan davlat tibbiyot muassasalari “GOLD GROWN PHARMA” MCHJ bilan
8,4 mln. dona nosteril qo‘lqoplar, 9,6 mln. juft steril xirurgik qo‘lqoplar xarid qilish uchun hamda “MAKRO FARM ANDIJAN” MCHJ bilan 5 turdagi 11,2 mln. dona shpritslarni xarid qilish uchun shartnomalar imzolangan va izchil bajarib kelinmoqda. 

Mazkur shartnomalar imzolanishi va tibbiyot buyumlarini davlat tibbiyot tashkilotlariga sifatli va arzon narxlarda yetkazib berilishi hisobiga tibbiyot qo‘lqoplari xarididan byudjet uchun 6 mlrd. 902 mln. so‘m hamda shprits xarididan 2,1 mlrd. so‘m mablag‘lar iqtisod qilingan.

Shu tariqa hosil bo‘lgan qo‘shimcha 9 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 600 o‘rinli zamonaviy maktab qurib, jihozlash mumkin. Yoki 2 ta yangi bog‘cha barpo etish imkoniyati mavjud. Aynan yuqoridagi summa 4 ta bog‘cha yoki maktabni rekonstruksiyasiga kifoya qiladi. 9 mlrd. so‘mga 3 ta QVP yoki butun boshli tibbiyot birlashmasini zamonaviy ko‘rinishda rekonsruksiya qilib, jihozlasa bo‘ladi. Shu mablag‘ga 90 ta oila uchun uy qurish, yoki 60 kilometrga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish mumkin. Yuqorida iqtisod qilingan mablag‘ 80 kilometr yo‘lni shag‘allash yoki 30 kilometr yo‘lga asfalt yetqizish xarajatlarini qoplaydi. 

Shuningdek, 2019 yil 14 yanvardagi PF-5629-sonli Farmonga asosan Andijon tumani, Xortum qishlog‘i, Z.M.Bobur massivi hududida jami 52 gektar yer madonida “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda.

Ushbu hududda (“GOLD GROWN PHARMA” MCHJ hamda “MAKRO FARM ANDIJAN” MCHJ va boshqa tashabbuskorlarning) 2019-2020 yillar davomida umumiy qiymati 1 trln. 20,6 mlrd. so‘m miqdoridagi, shundan xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 mln. dollarlik yangi farmatsevtika loyihalari ishga tushirilishi hamda 1 415 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
 
Viloyatda mazkur loyihalarni amalga oshirishda 2019-2020 yillar davomida import qilinayotgan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish hisobiga 524,7  mln. dona dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sohaning eksport salohiyati 15 foizga o‘sishiga hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarning tannarxi 30 foizgacha pasayishiga erishiladi.

Shu o‘rinda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan bildirilayotgan fikrlar xususida to‘xtalsak. 

O‘zbekiston hududining yuzdan bir foizini tashkil qiluvchi viloyatda mamlakat aholisining qariyb yuzdan o‘n foizi istiqomat qiladi. Tabiiy o‘sish 53 ming kishiga to‘g‘ri keladi. Bu degani aholi soni har 12 oyda Xonobod shahri (42 ming) yoki Ulug‘nor tumani (54 ming) aholisiga teng miqdorda ko‘paymoqda. Zichlik borasida nafaqat mamlakatimizd yoki Osiyoda, balki dunyoda yetakchi o‘rinlarda turuvchi Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar alohida dolzarblik kasb etishi tabiiy hol. 

Viloyat hokimining qabul kunlari yuzlab fuqarolar murojaat qiladilar. Ertalab 8 dan boshlab, kech soat 22 gacha davom etadigan ochiq muloqotlarda aholi muammolarini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Hokimning feysbuk, instagrammdagi sahifalariga, bevosita mobil telefoniga kelib tushadigan murojaatlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning yechimini topish, yuzaga keladiganlarining oldini olish yuqori jadallik bilan ishlashni taqozo etadi. Bir kun, hatto bir soatlik sustkashlikning ta’siri seziladi.

Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishiga to‘xtalsak. Yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Viloyat hokimi o‘sha dori vositalari atrofidagi muammolarni avval ham bir necha bor ko‘targan. Mutasaddilarga ularning narx-navo, sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish yuzasidan topshiriq bergan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jihatlar tushirib qoldirilgan. Bu kabi yondashuvni shov-shuv ko‘tarish, soxta obro‘ orttirish deb baholash mumkin. 

Agar ushbu korxonalar faoliyati to‘xtaydigan bo‘lsa, unda 260 ishchi o‘rni hamda 9 mlrd. so‘mni yo‘qotilishi, oyma-oy 135 mln. soliq to‘lovchi tadbirkorning faoliyatiga chek qo‘yilishi, eng ahamiyatli jihatlaridan biri import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotning to‘xtatib qo‘yilishi har qanday odamni kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazishligi ortiqcha izoh talab etmaydi. 

Shu o‘rinda muhtaram  Prezidentimizni ushbu fikrini keltirishni joiz deb bildik. "Eng yomoni, buning oqibatida mavjud ish o‘rinlari yo‘qotilmoqda. Ma’lumki, tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma’noda tadbirkor bu haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman".

Aynan aholi ichiga kirib, uning muammolarini hal etishni ustuvor vazifa sifatida qabul qilgan viloyat hokimi, birinchi navbatda, oddiy fuqarolarga xizmat qilmoqda. Zero, o‘sha ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilingan («Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir». O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasi) masalada sobitdir.", deyiladi viloyat hokimligining bayonotida. 

Bundan avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning Sog‘liqni saqlash vaziri va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ini haqoratlagani aks etgan audiomaterial tarqab ketgan edi. 

Oradan bir necha kun o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bu audiomaterial bo‘yicha munosabatini bildirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing