Prezident Samarqandda qurilayotgan turizm markaziga bordi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan turizm markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari bo‘ladi.

Ayni paytda kongress xoll, “Abadiy shahar” karvon saroyi va 8 ta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi.

Ma’lumki, Samarqandda mehmonxonalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, sayyohlar ko‘p kelganda o‘rinlar yetishmay qoladi. Masalan, 2019 yilda shahardagi barcha otellar band bo‘lgan. Davlat tomonidan turizm rivojiga katta imkoniyatlar yaratilayotgani, 90 ga yaqin mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilingani turistlarni yanada ko‘proq jalb etmoqda.

Qayd etilishicha, qurilayotgan markaz turistik xabga aylanadi. Bu yerda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun ham keng sharoit bo‘ladi. Uni 2022 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezidentga mazkur yangi sayyohlik markazi imkoniyatlari, turistlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumot berilgan. Davlat rahbari markaz boshqaruvini samarali tashkil etish, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Shu yerda Samarqandning turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilingan.

Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha, Samarqand tumani “Konigil” mahalla fuqarolar yig‘inida yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i tashkil etilgan. Bunday maksanlar sayyohlarning viloyatda qolish vaqtini uzaytirish bilan birga, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga daromad manbai yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlat rahbari mazkur turistik markazni shahar bilan bog‘laydigan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi, Usta Umar Jo‘raqulov va Afrosiyob ko‘chalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

64

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing