Prezident Samarqandda davolanayotgan senator Hasan Normurodovni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
16 aprel 2021
9081Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgan O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Hasan Normurodovni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Bu inson yurtimizdagi fidoyi nuroniylardan. Uzoq yillar xalq ta’limi tizimida ishlagan. Keyinchalik “Nuroniy” jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘limi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qo‘shgan. Hozirgi kunda Samarqand viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari”, deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, 82 yashar Hasan Normurodov jonkuyar va samimiy inson sifatida viloyat aholisi o‘rtasida hurmat qozongan. 2019 yilda Prezident farmoniga ko‘ra “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Shavkat Mirziyoyev fidoyi mehnat faxriysiga mustahkam sog‘lik va bardamlik, uzoq umr tilagan.
Hasan Normurodov vaqt topib kelgani, yuksak e’tibor ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlagani uchun davlat rahbariga tashakkur bildirgan.
Shu bilan Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
LiveBarchasi