Maktablar ochilsa, dezinfeksiya ishlarini kim qiladi? Yana farroshlarmi?
Intervyu
−
27 avgust 2020
115622020-2021 o‘quv yili maktablarda 14 sentyabrdan boshlanishi kutilyapti. Maktablar ochilgandan so‘ng, barcha hodimlar ishga qaytadi. Hozirgidek pandemiya sharoitida ta’lim muassasasida tozalikni saqlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Ta’lim dargohlarida ishlovchi tozalik xodimlariga bu davrda ish ko‘payishi tabiiy hol. Xalq ta’lim vaziriligi bu jarayonga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tozalik xodimlari sonini ko‘paytirish rejada bormi?
QALAMPIR.UZ muxbirining ushbu savoliga Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov atroflicha javob berdi. Vazir javob berish asnosida o‘zi ham yoshligida maktablardagi tozalashlarda qatnashganini eslatib o‘tdi.
“Biz yoshligimizda indamay sinfxonalarimizni tozalar edik. Hech bir kam bo‘lgan joyimiz yo‘q. Bugun iqtisodiyotimiz hozirgidek ahvolda bo‘lib turgan holatda, hech kim bu haqda o‘ylagani yo‘q. Bilamiz iqtisodiyot soliqlardan iborat. Soliq tushishi uchun iqtisodiyot ishlashi kerak. Karantin sabab qancha tadbirkorlar faoliyat yuritmadi. Hozirda davlat byudjetida oshib-toshib yotgan pul yo‘q. Hozirda tozalovchilarni ko‘paytirish haqida hom-hayollarimiz yo‘q va bunaqa taklif ham bermaganmiz. Qaniydi, iqtisodiyotimiz, yaxshi bo‘lganda tozalovchilarni ko‘paytirar edik”, dedi Sherzod Shermatov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maktablar ochilgandan so‘ng, yana o‘sha eski tarzda sinfxonalar o‘quvchilar tomonidan tozalanadi. Lekin, hech kim o‘quvchining qo‘liga xlorli suvni ushlatib qo‘ymaydi. Maktablarni dezinfeksiya qilish ishlari esa, mutaxassislar va maktab tozalovchilari tomonidan amalga oshiriladi. Ularga tozalash uchun eritmalar markazlashgan holda olib kelinadi. Har bitta maktabga bittadan poliklinika biriktiriladi.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning ta’kidlashicha, o‘quvchilarning maktabga kelishini tartibga solish ustida ishlar boshlangan. Hamma o‘quvchilar maktabga bir vaqtda kelib qolmasligi va ijtimoiy masofani saqlash masalasi o‘rtaga tashlangan. O‘quvchilarni har yarim soatda maktabga kirishini yo‘lga qo‘yish varianti ham ko‘rilyapti.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi