Prezident oqoltinliklar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv ombori yorilishi ortidan kelib chiqqan suv toshqinidan talafot ko‘rgan Oqoltin tumanida ham bo‘lib, aholi vakillari bilan uchrashdi.

Uy-joylar qurish va ta’mirlash, aholi salomatligini himoya qilish, infratuzilma ob’ektlari va qishloq xo‘jaligi maydonlarini tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib o‘tildi. Oqoltin tumanining “Haqiqat” mahallasida 800 xonadondan iborat 20 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi ta’kidlandi.

Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 1 ming 800 ga yaqin beton panelli kottej mavjud bo‘lib, ular suv toshqinidan ko‘p zarar ko‘rmagan. Ularni zamonaviy ta’mirlab, o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mamlakatimizning barcha hududlaridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari boshchiligida 305 ta qurilish tashkiloti va 12 mingga yaqin quruvchilar Sirdaryoga yetib kelgan.

Oqoltin tumanidagi “Shodlik”, “Saxovat”, “Ahillik” mahallalarida va “Uchtom” aholi punktida jami 657 ta kottej ta’mirlanadi. “Shodlik” mahallasidagi uylar Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatiga, “Ahillik” mahallasi va “Uchtom” aholi punkti Surxondaryo viloyatiga, “Saxovat” mahallasidagi turar joylar Toshkent shahriga biriktirilgan.

Tumanda 8,7 ming gektar ekin maydonlarini suv bosgan. Sardoba va Mirzaobod tumanlaridagi kabi, bu yerda ham ko‘chma nasoslar yordamida bu suv qochirildi. Asrab qolish mumkin bo‘lgan g‘o‘zani chopiq va kultivatsiya qilish, qolgan joylarda boshqa ekinlar ekish choralari ko‘rilmoqda.

Oqoltin tumanida jami 789 milliard so‘m qiymatidagi 95 ta loyiha hisobiga 3,5 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Misol uchun, “APK Oqoltin” korxonasi tomonidan o‘simlik yog‘i, “Oqoltin Mega Tekstil Grup” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Suv toshqinidan aziyat chekkan oqoltinliklarga ham sertifikat va pul mablag‘li bank kartochkalari topshirildi.

Prezident Toshkentga qaytib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

38

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing