Prezident oilasi va boshqa davlat yetakchilari bilan futbol tomosha qildi
Jamiyat
−
11 iyun 10381 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 10 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qatar milliy terma jamoasiga qarshi bahsini stadiondan tomosha qildi.

“Bunyodkor” stadionida o‘tgan o‘yinni ko‘rishga borgan O‘zbekiston yetakchisiga oilasi, xususan, to‘ng‘ich qizi va Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva, o‘g‘li Miralisher Mirziyoyev hamda nabiralari Miromon, Saodatxon va Shavkat, shu bilan birga, O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumat rahbarlari hamrohlik qildi.

O‘yinning 28-daqiqasida Azizbek Turg‘unboyev super gol urib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim to‘liq “oq bo‘rilar” ustunligida o‘tdi. 33-daqiqada mehmonlar vakili Abdulaziz Hatim qo‘pollik uchun sariq kartochka olgan bo‘lsa, oradan 7 daqiqa o‘tib, 40-daqiqada Bassam al-Ravi ham Abbosbek Fayzullayevga qarshi qoidani buzgani uchun sariq kartocha bilan “siylandi”. Bo‘lim davomida o‘zbekistonliklar yana bir nechta qulay vaziyatga ega bo‘ldi, biroq hisob boshqa o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘lim ham mezbonlar ustunligida boshlandi. Bir necha hujumlar uyushtirildi. Biroq o‘yinning 62-daqiqasida super gol muallifi va bahsni yaxshi o‘tkazayotgan Azizbek Turg‘unboyev jarohat oldi. Shu sababli uning o‘rniga Jamshid Iskanderov maydonga tushirildi. Bo‘limning 67-daqiqasida qatarliklar futbolchisi mezbon jamoa futbolchisiga qarshi qo‘pollik ishlatdi. Mazkur vaziyatda hakamga norozilik bildirgani uchun mehmonlar sardori Akrom Afif sariq kartochka oldi. Birozdan keyin esa o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib berdi. Yuqori tempda davom etayotgan bahsning 84-daqiqasida Odiljon Hamrobekov va Jaloliddin Masharipov o‘rniga Hojimat Erkinov va Abdurauf Bo‘riyev maydonga tushirildi. Oradan 2 daqiqa o‘tib, 86-daqiqada esa Eldor Shomurodov hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Golni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bevosita stadiondan turib nishonladi. Oradan ko‘p o‘tmay, 91-daqiqada Shomurodov o‘rniga maydonga tushgan Igor Sergeyev hisobni yirik ko‘rinishiga keltirdi – 3:0. O‘yin shu tariqa yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 iyundagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, yosh avlodni sportga mehr va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhi mukofotlangan edi. O‘yindan keyin ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbari qahramon sportchilarga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Shuningdek, terma jamoa a’zolari va mutaxassislariga BYD avtomobillari sovg‘a qilindi.


Live
Barchasi