Prezident nogironligi bor shaxslarga oid qarorni imzoladi
Jamiyat
−
22 dekabr 2021
8813O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21 dekabr kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya beriladi.
Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tashkilotga subsidiya berishda Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda bir oy muddatda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga subsidiya berish tartibi to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. 2022 yil 1 martdan boshlab:
a) Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi;
b) 2024 yil 1 martga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bir oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu bandga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyozlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo kengash) tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamda Tadbirkor nogiron-ayollar milliy assotsiatsiyasi rahbarlari kiritilsin.
Idoralararo kengashning zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
• nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’limini rivojlantirish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirib borish uchun muqobil shakldagi o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
• ta’lim muassasalarini bitiruvchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tavsiya etilgan kasblar bo‘yicha belgilangan tartibda korxona va tashkilotlarda amaliyot o‘tashni tashkil etish;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarning korxona va tashkilotlardagi ish joylarini jihozlash, moslashtirish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun zaruriy mehnat sharoitlarini tashkil etish;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarni ular ishga joylashgandan so‘ng hamda tadbirkorlik, hunarmandchilik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlagandan keyin qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tatbiq etish.
Idoralararo kengashga rahbarlik qilish Savdo-sanoat palatasining raisi A.Ikramov zimmasiga yuklansin.
4. Davlat buyurtmachilariga elektron kooperatsiya birjasi portalida ro‘yxatdan o‘tgan, ishlovchi xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar) bilan ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
Belgilansinki:
• yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning tovarlarini (ishlari, xizmatlarini) xarid qilish uchun kvotalar taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
• mazkur bandga asosan tuzilgan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 6 000 baravarigacha bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridiga oid shartnomalar va ularga qo‘shimcha kelishuvlar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasida ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
5. Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi yo‘nalishlar uchun subsidiya ajratib borish tizimini joriy etsin:
• nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘rgatish, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, shuningdek, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun;
• kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan hamda maxsus sertifikatni olgan, shuningdek, tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.
Belgilansinki, subsidiyalar har bir nogironligi bo‘lgan yoshning talabiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda mazkur bandda ko‘rsatilgan yo‘nalishlardan bittasi uchun ajratiladi.
6. “El-yurt umidi” jamg‘armasi (A.Bekmurodov) Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) bilan birgalikda ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 2022 yildan boshlab har yili tanlov asosida tanlab olingan 20 nafargacha nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlarning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida, shu jumladan, onlayn kurslarda ta’lim olishini tashkil etsin.
7. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat organlari, shu jumladan, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda – davlat idoralari) o‘z mehnat faoliyatini olib borishining quyidagi mexanizmlari joriy qilinsin:
a) Davlat xizmatlari agentligi (U.Muhammadiyev):
2022 yil 1 martga qadar har bir hududda bittadan davlat xizmatlari markazida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga mos keluvchi lavozimlarda (operator, konsultant, inspektor va boshqalar) ishlashi uchun qulay sharoitlarni yaratgan holda mehnat faoliyatini olib borishini (keyingi o‘rinlarda – tajriba-sinov loyihasi) ta’minlasin;
2022 yil 1 sentyabrga qadar tajriba-sinov loyihasi natijalariga ko‘ra mazkur amaliyot barcha davlat xizmatlari markazlarida joriy qilinsin;
b) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) hamda Davlat xizmatlari agentligi (U.Muhammadiyev) bilan birgalikda tajriba-sinov loyihasini tahlil qilsin va uning natijalari asosida 2022 yil 1 aprelga qadar davlat idoralarida (shu jumladan, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda) nogironligi bo‘lgan shaxslarning faoliyat olib borishi uchun ish o‘rinlari va kasblarni moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar, shuningdek, ular faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kasb va lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov) nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ularning biznes yuritishiga ko‘maklashishda mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5217-son qarorida 2022 yil 1 maydan boshlab “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi (keyingi o‘rinlarda – Platforma) ishga tushirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov):
• Platforma nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron ma’lumotlari, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha tezkor murojaat qilish kabi masalalarni o‘z ichiga olishini ta’minlasin;
• Platformani takomillashtirish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirsin va uning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasin.
9. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida:
a) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) tibbiy, psixologik maslahat olish bo‘yicha onlayn murojaatlarni qabul qilish, muntazam ravishda tezkor maslahatlar berib borish hamda boshqa tibbiy xizmatlar ko‘rsatish choralarini ko‘rsin;
b) Turizm va sport vazirligi (U.Azamov) nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi hamda ularga imtiyozli xizmatlar ko‘rsatish choralarini ko‘rsin;
v) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (G.Ma’rufova) “Ayollar daftari”ga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam turlari hamda ehtiyojmand aholiga subsidiyalar va boshqa loyihalar haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish choralarini ko‘rsin;
g) Davlat xizmatlari agentligi (U.Muhammadiyev) Davlat xizmatlari markazlari, jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish (sanatoriylarda, pansionatlarda va boshqa muassasalarda davolanish uchun yo‘llanmalar olish) choralarini ko‘rsin;
d) Madaniyat vazirligi (O.Mirzayev) nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlarning musiqa va san’at maktablarida, kutubxonalarda, ijodiy ustaxonalar va xalq ustalari maktablarida “ustoz-shogird” tamoyili asosida o‘qishi, tashkillashtirilayotgan madaniy tadbirlarda ishtirok etishiga ko‘maklashish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish choralarini ko‘rsin;
ye) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov):
• “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari milliy bazasini integratsiya qilish choralarini ko‘rsin;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatadigan onlayn to‘garaklarni tashkil etsin hamda o‘quv qo‘llanmalari va videomateriallarni, “Ishga marhamat” monomarkazlari va o‘quv markazlari manzillari, ulardagi o‘quv kurslari va muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirsin;
j) Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.Abdullayev) hunarmandchilik faoliyatini boshlash uchun asbob-uskuna hamda mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratish, uyushmaga a’zolik badalini qoplash uchun subsidiya berish, “ustoz-shogird” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tavsiya etilgan kasb-hunarlarga o‘rgatish choralarini ko‘rsin;
z) Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev):
• nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘zini o‘zi band qilish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o‘qish uchun joriy etilgan subsidiyalardan foydalanishda ko‘maklashish;
• nogironligi bo‘lgan yoshlarning xorijiy tillar o‘rganish va nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarini qoplash, ularning asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishiga yordamlashish choralarini ko‘rsin;
i) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (K.Karimov) oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan hamda o‘qish istagidagi nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun ta’lim muassasalari tomonidan berilgan imtiyozlar va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirib borish choralarini ko‘rsin;
k) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.Pekos) nogironligi bo‘lgan, shu jumladan, ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning Platformadan qulay va bepul foydalanishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) 2022 yil 1 fevraldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tuman (shahar)lar hokimlarining qarori bilan belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari milliy bazasida real vaqt rejimida aks etib borishini ta’minlasin.
Bunda, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxsning ishlashi tavsiya qilingan kasblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Bandlik xizmati” axborot tizimiga elektron tarzda yuboriladi.
11. 2022 yil 1 fevraldan boshlab:
a) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) tasarrufida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda barcha hududlardagi kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har chorakda qisqa muddatli kurslarni tashkil etsin.
Bunda, qisqa muddatli kurslarning o‘quv dasturlari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni inobatga olgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyati bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi;
b) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) “Ishga marhamat” monomarkazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, xorijiy til, kompyuter savodxonligi va kompyuterda dasturlash asoslari bo‘yicha doimiy ravishda o‘quv kurslarini tashkil etsin.
Bunda, o‘quv kurs (guruh)larini tashkil etishda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bino-inshootlarni moslashtirish, tegishli shart-sharoitlarni yaratish, jihozlash, o‘quv qurollari va o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda xorijiy grant va kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.
12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov):
a) 2022 yil 1 iyuldan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish shartlarini nazarda tutuvchi ijtimoiy buyurtma mablag‘larini ajratish tizimini joriy etsin:
• nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan kasblar va ularning qiziqishlaridan kelib chiqib ushbu shaxslarni kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha davlat yoki nodavlat ta’lim tashkilotlariga yo‘naltirish;
• ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan hamda ular uchun ish o‘rinlarini moslashtirgan ish beruvchilar tomonidan mavjud imtiyozlardan foydalanish darajasini oshirish;
• nogironligi bo‘lgan shaxslarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga jalb qilish hamda ular uchun ijtimoiy ta’minotga oid axborot va maslahat berish hamda ularning huquqiy ongini oshirish;
b) 2022 yildan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha amaldagi tartiblar asosida ajratiladigan grant miqdorini kamida 2 baravarga oshirsin;
v) 2022 yil 1 martga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma berish, shuningdek, tanlov shartlari va uni o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
g) 2022 yil 1 mayga qadar davlat idoralarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning belgilangan kvotalarga muvofiq ishga qabul qilinishi holatini o‘rganib chiqib, o‘rganish natijalari bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida 2022 yildan boshlab quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovlari tashkil etilsin va o‘tkazib borilsin:
• Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha”;
• Savdo-sanoat palatasi tomonidan – “Eng yaxshi tadbirkor”;
• Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi talaba”;
• Turizm va sport vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi sportchi”;
• Madaniyat vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi kitobxon”;
• Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ish beruvchi”.
Bunda, tanlov natijalari har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” arafasida e’lon qilinadi hamda tanlov g‘oliblari tashkilotchilarning byudjetdan tashqari manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
14. Ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar va boshqa bosma materiallar (matn, nota yozuvi, illyustratsion materiallar, Brayl yozuvidagi kitoblar va audiokitoblar) bazasini kengaytirish borasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilsin:
Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) 2022 yil yakuniga qadar barcha bolalar musiqa va san’at maktablariga ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan matn va nota yozuvlarining muqobil shakllari bepul tarzda yetkazib berilishini ta’minlasin;
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) 2022 yil yakuniga qadar:
a) o‘quv materiallarining audiokitoblarini va audio tasmadagi yozuvlarni yozib olish, Brayl yozuvidagi kitoblarni tayyorlash hamda ta’lim muassasalariga yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirsin;
b) alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ota-onalari uchun metodik tavsiyalar ishlab chiqilib, ularga yetkazib berilishini ta’minlasin.
Bunda, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar 2022 yilda tarmoq vazirliklariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
15. Savdo-sanoat palatasi Turizm va sport vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rgazma savdolarini muntazam ravishda tashkil qilish amaliyotini joriy etsin.
Belgilansinki, ko‘rgazma savdolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida tashkil etiladigan hunarmandchilik mahsulotlari savdo pavilonlarida doimiy faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.
Savdo-sanoat palatasi rahbari A.Ikramov mazkur ko‘rgazma savdolarini samarali va to‘laqonli amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
16. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari tasarrufidagi korxonalar faoliyatini tubdan modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘rganish va baholash ishlarini tashkil qilsin hamda o‘rganish jarayonida quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratsin:
• nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari tasarrufidagi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy, texnik va texnologik holatini tahlil qilish, ularni modernizatsiyalash, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning aniq manbalarini belgilash;
• ijtimoiy korxona, ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy mahsulot, ijtimoiy kvota, ijtimoiy mas’uliyat tushunchalari hamda ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish;
• ijtimoiy korxonalar klasterlarining faoliyatini, birinchi navbatda, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan, import o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan ijtimoiy mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar), zamonaviy tibbiy reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishga yo‘naltirish;
• “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ijtimoiy mahsulot” tovar belgisi ostida ishlab chiqarishni, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish, mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar) turlari va istiqbolli bozorlarga eksportini ko‘paytirishning aniq choralarini belgilash;
• ijtimoiy korxonalar klasterlarining hududlarda hamda xorijiy davlatlarda savdo uylari va firma do‘konlarini tashkil etish;
• ijtimoiy korxonalar klasterlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni birja savdolarida sotish, davlat ehtiyoji uchun xarid qilish va zaxiraga olishning mexanizmlarini takomillashtirish;
• ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar va boshqa shaklda nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan, bolalar sog‘lig‘ini reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan markazlar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va ma’rifat maskanlari kabi ijtimoiy infratuzilmalarning faoliyatini va moddiy-texnika bazasini, ta’limning ishlab chiqarish bilan integratsiyasining amaldagi tizimini tanqidiy tahlil qilish;
• zamonaviy menejment va marketingga asoslangan boshqaruv va ishchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini shakllantirish masalalari bo‘yicha bevosita joylarga chiqib o‘rgangan holda chuqur tahlillarga asoslangan takliflarni ishlab chiqish.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E.Muxitdinov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.Xolxo‘jayev), Moliya vazirligi (J.Abruyev), nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari bilan birgalikda hamda BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va YUNISEFning texnik ko‘magini jalb qilgan holda, 2022 yil 1 aprelga qadar o‘rganish natijalari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari tasarrufidagi korxonalar faoliyatini kompleks (shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida) rivojlantirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
17. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalari, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni targ‘ib qiluvchi videoroliklar va ijtimoiy reklamalar ishlab chiqqan holda, ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlasin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.M.Muxitdinov hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov belgilansin.
19. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022 yil 1 iyulga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
LiveBarchasi